Bir necha kundan buyon O‘zbekistondagi mobil aloqa foydalanuvchilariga spam-xabar kelmoqda, deb yozadi Uz24.uz. Unda bananni yemaslik, meva Ebola virusini tarqatishi haqida ogohlantiriladi.
Spam-xabarning mazmuniga ko‘ra, banan mevasini iste’mol qilish xavfli va hozirda ularni yemagan ma’qul. Go‘yo Moskvada ushbu meva tarkibida zararli moddalar aniqlangan. Hamda Ebola virusi banan yetishtiriladigan Afrika mamlakatlarida izdan chiqqanligi eslatib o‘tiladi.
Nashr O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi bilan bog‘lanib, masalaga aniqlik kiritdi. Boshqarma boshlig‘i Komil Muhammedovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonga Afrika mamlakatlaridan iste’mol mahsulotlari olib kelinmaydi. “Xorijdan mahsulotlarni olib kirishning barcha jarayonlari qat’iy nazorat qilinadi”, — dedi u.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday xavotirga o‘rin yo‘q. “Virus Afrikadan keltiriladigan iste’mol mahsulotlari orqali o‘tishi mumkin emas. Aynan banan orqali virus yuqishi mumkin, lekin virus bizgacha yetib kelguncha halok bo‘ladi. Bundan tashqari, hech kim tishlangan bananni sotib olmaydi-ku”, — deb qayd etdi Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi V.Maleyev intervyularining birida.
Eslatib o‘tish lozimki, Ebola virusi 2014-yilning mart oyida G‘arbiy Afrikada qayd etilgan. Ayni vaqtda Afrika hududlarida virusdan halok bo‘lganlar soni bir necha mingdan oshgan.
Izoh (0)