Qora dengizning shimoli-g‘arbiy qismida olib borilayotgan NATO va Ukrainaning Sea Breeze (“Dengiz ufuri”) mashg‘ulotlarida ishtirok etgan Fransiya, Ispaniya, Kanada kemalari O‘rtayer dengizi akvatoriyasiga qaytdi. Bu haqda Rossiya harbiy dengiz flotining Bosh shtabi ma’lumotiga tayanib, Korrespondent.net xabar berdi.
Nashrda qayd etilishicha, NATO kemalari Qora dengizni tark etmoqda. Kuni kecha Kanadaning “Toronto” va Ispaniyaning “Almirante Xuan De Borbon” fregatlari O‘rtayer dengiziga qaytdi. Ikki kun avval Fransiyaning “Kommendant Biro” korveti janubiy yo‘nalishda harakatlangan.
Qora dengizga 21-sentabr kuni kirgan Fransiya harbiy dengiz kuchlarining radioelektron razvedkasiga qarashli “Dyupyui de Lom” kemasi ayni damda dengiz hududida, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Montre konvensiyasiga ko‘ra, Qora dengiz bo‘yida joylashmagan davlatlarning harbiy kemalari mazkur dengizda 21 kundan ortiq qola olmaydi. Shuningdek, ularning umumiy og‘irligi 30 ming tonnadan oshib ketmasligi kerak.
Avvalroq Qora dengizda NATO harbiy dengiz kuchlarining PASSEX mashg‘ulotlari boshlangani xabar qilingan edi. Mazkur mashqlarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Gollandiya, AQSh va Turkiyadan iborat NATOning doimiy harbiy dengiz kuchlari, shuningdek, Bolgariya, Ruminiya va Kanada harbiy dengiz kuchlari ishtirok etmoqda.
Izoh (0)