O‘zbekiston IIV Huquqbuzarliklarning oldini olish bosh boshqarmasi Toshkent shahri ko‘chalaridagi tilanchi ayollarning bolalari “tinchlantiruvchi vositalar” bilan uxlatib qo‘yilgani aniqlanmaganini ma’lum qildi. Bu haqda, “Uz24”ga asoslanib “Kun” xabar bermoqda.
Boshqarma boshlig‘i U. Narzullayevning ma’lum qilishicha, IIV xodimlari o‘zlariga biriktirilgan chorraha va ko‘chalarda bemaqsad yurgan, jamoat joylarida belgilangan tartib-qoidalarni buzgan yoki g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar bilan shug‘ullanayotgan shaxslar (tilanchilar)ni o‘rnatilgan tartibda Toshkent shahar IIBB Reabilitatsiya markaziga yoki Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtiradi.
“Shu kunga qadar tilanchilik qilgan ayollar tomonidan farzandlarining ‘tinchlantiruvchi vositalar’ orqali uxlatib qo‘yish holatlari aniqlanmagan”, – deydi Narzullayev.
Qayd etilishicha, ichki ishlar idoralari tomonidan keng jamoatchilikni jalb etgan holda jamiyatda bunday salbiy holatlar oldini olish maqsadida aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda.
Izoh (0)