O‘zbekiston mobil aloqa operatorlari 2014-yil 1-oktabrdan shaharlararo va xalqaro aloqaga chiqish uchun raqam terishning yangi formatini joriy qilmoqda, deya xabar bermoqda UzDaily.
“2014-yil 1-oktabridan xalqaro numeratsiya standartiga o‘tish munosabati bilan, shaharlararo va xalqaro aloqaga chiqish uchun raqam terishning yangi qoidalari kuchga kiradi”, — deya Ucell xabaridan iqtibos keltiradi nashr.
Beeline tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, 1-oktabrdan shaharlararo qo‘ng‘iroqlar “8” o‘rniga “0”, xalqaro aloqalar esa avvalgi “8-10” o‘rniga “00” orqali amalga oshirila boshlaydi.
Shaharlararo va xalqaro qo‘ng‘iroqlar uchun teriladigan “+” belgisi o‘zgarishsiz qoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tarmog‘ining TShTT filialida shaharlararo va xalqaro aloqaga chiqish uchun raqam terish tartibini o‘zgartirish ishlari olib borilishi ma’lum qilingan edi.
Toshkent shahrida rejalashtirilayotgan xalqaro numeratsiya standartlariga o‘tish doirasida amalga oshirilayotgan ushbu tadbirlar 24-sentabrdan 1-oktabrga qadar davom etadi.
Izoh (0)