Toshkent shahridagi Zenith Electronics qo‘shma korxonasida Janubiy Koreyaning Samsung Electronics kompaniyasi bilan hamkorlikda Samsung brendi ostida LED-televizorlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Zenith Electronics QKda televizor tarkibiy detallari umumiy hajmining 35 foizini tashkil etuvchi old panel, orqa qopqoq, taglik, televizor penoplast o‘rami kabilarni ishlab chiqarish mahalliylashtirilgan.
Qo‘shma korxonaning tayyor mahsulotni yig‘ish sexi boshlig‘i R. Qayumov so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda ishlab chiqarish quvvati kuniga diagonali 32 dyuymga teng 400 ta televizor chiqarish imkonini beradi. Kelajakda ushbu ko‘rsatkichni kuniga 500 taga, televizor diagonalini esa 40 dyuymgacha yetkazish rejalashtirilmoqda.
Mazkur loyihani amalga oshirish uchun Samsung Electronics kompaniyasi tomonidan kiritilgan investitsiyalarning umumiy miqdori 2,9 million dollardan oshib ketdi.
Zenith Electronics maishiy texnika ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekistondagi yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi. Ayni paytda kompaniyada televizor, konditsioner, kir yuvish mashinalari ishlab chiqariladi.
Izoh (0)