Gruziya Bosh prokuraturasi mamlakatning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili, uning ota-onasi hamda ayoli Sandra Rulovsning mol-mulkini hibsga oldi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
“Afsuski, qonun bo‘yicha biz bu qarorga Gruziya sudida qarshi chiqa olmaymiz. Shuning uchun inson huquqlari bo‘yicha Strasburg sudiga murojaat etamiz. Hibsga olingan mol-mulk orasida Saakashvilining buvisiga tegishli eskigina avtomobil va yer maydoni ham bor”, — dedi sobiq prezidentning advokati Otar Kaxidze.
Avvalroq Gruziya hukumati Interpolga Saakashvilini qidirish bo‘yicha murojaat yuborgan edi. Sobiq prezidentga nisbatan davlat ichida ham qidiruv e’lon qilingan. Ma’lum qilinishicha, ayni damda u AQShda o‘qituvchilik faoliyatini olib bormoqda.
Mixail Saakashvili, sobiq adliya vaziri Zurab Adeishvili va sobiq mudofaa vaziri David Kezerashvili 2-avgustga o‘tar kechasi Tbilisi shahar sudi tomonidan sirtdan hibsga olingan. Ular 2007-yil 7-noyabrdagi hukumatga qarshi fuqarolar aksiyasini tarqatib yuborish, “Imedi” telekompaniyasini vayron qilish va telekompaniya ta’sischisi Badri Patarkatsishvili mulkini tortib olganlikda ayblanmoqda.
Izoh (0)