Maykl Jordon ismli xaker Canon Pixma printeriga Doom o‘yinini o‘rnatib, o‘ynab ko‘rdi. Bu haqda LookAtMe ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Jordon Contextis saytiga printerda Doom o‘yinini o‘ynayotgani tasvirlangan videoni joylagan. Mayklning so‘zlariga ko‘ra, u videoni ko‘ngilxushlik uchun taqdim etmagan, bu bilan ayrim Canon printerlarida xavfsizlik darjasi juda past ekanligini ta’kidlamoqchi bo‘lgan.
Canon Pixma printeriga internet orqali ulanishda foydalanuvchidan hech qanday login yoki parol so‘ramaydi. Xaker esa shundan foydalanib printerga ulangan. U printerning dasturini yangilash manzili o‘rniga, Doom o‘yinining manzilini kiritib qo‘ygan. Printerning ichki xotirasi 10 megabaytni tashkil etadi, Doom o‘yinini yuklab olib, o‘rnatish uchun esa 4 megabayt yetarli bo‘lgan. Canon printeriga o‘yin nafaqat o‘rnatilgan, balki videoda tasvirlanganidek, uni o‘ynash ham mumkin.
Mayklning fikricha, hozir kamida 2 mingta Canon Pixma printerlari internetga ulangan va ularning har birida shunday muammo bor. Agar ularga o‘yin o‘rnatishning imkoni mavjud bo‘lsa, u holda yomonroq biror narsa (masalan, virus) o‘rnatsa ham bo‘ladi.
Xaker Canon kompaniyasi bilan bog‘lanib, ushbu muammo haqida ogohlantirgan.
Izoh (0)