Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining “Samarqand” TIF va “Ulug‘bek” TIF bojxona posti xodimlari tomonidan “Eksport” bojxona rejimiga rasmiylashtirilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini bojxona nazoratidan o‘tkazish davomida bir nechta qonunbuzarlik holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi.
Jumladan, “Nafis Agro Sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bir qator moddiy javobgar shaxslari Eronga yuborilayotgan 19,5 tonna tozalangan yong‘oq mag‘izlari orasida yuk-kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan salkam uch tonna tozalangan pista mag‘izlarini qalbaki hujjatlar asosida olib chiqish uchun rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan vaqtlarida to‘xtatib qolindi.
Shuningdek, mazkur MChJning “uchar tadbirkorlar”i Xitoyga yuborilayotgan 26 tonna birinchi navli qora mayiz mahsulotini ikkinchi nav sifatida ko‘rsatib, narxini pasaytirish maqsadida qalbaki hujjatlar asosida rasmiylashtirishga uringani fosh qilindi.
Mazkur holatlar bo‘yicha viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlarini o‘tkazish uchun tergov organlariga yuborildi.
Yaqinda qonunbuzarlarga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, qonunbuzarlar Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, ularning har biriga eng kam ish haqining 310 baravari miqdorida jarima jazolari tayinlandi. Shuningdek, ashyoviy dalil deb topilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari davlat egaligiga o‘tkazildi.
Izoh (0)