Amerikaning Yuta shtati Federal sudi ko‘p xotinli bo‘lishga ruxsat berdi. Bu haqda Associated Press xabar bermoqda.
Okrug prokurori ko‘p xotinli teleyulduz Kodi Braunga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atish bilan tahdid qilganidan so‘ng, u sudga murojaat qilgan. Sud ishni ko‘rib chiqib, bir qarorga kelguniga qadar, Braun, ehtiyot shart, oilasi bilan aholisi ko‘pxotinlikka unchalik ham e’tibor bermaydigan Las-Vegas shahri (Nevada shtati)ga ko‘chib o‘tdi.
Sudya Klark Voddups yulduzning da’vosini qanoatlantirdi. U Yuta shtatidagi ikki va undan ko‘p inson bilan oila qurishni taqiqlovchi qonun AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan vijdon erkinligi to‘g‘risidagi birinchi o‘zgartirishga zid ekanligini ma’lum qildi. Bundan tashqari, sudya mazkur taqiq Konstitutsiyaga kiritilgan 14-o‘zgartirishiga ham to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. Mazkur o‘zgartirish shtat hukumatiga hech qanday huquqiy manbaga asoslanmagan holda fuqarolarning ozodlik va mulkidan mahrum qilishni taqiqlaydi.
Yuta shtatining Bosh prokurori Shon Reyes sud hukmi ustidan shikoyat qilishini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Kodi Braun AQShda mashhur bo‘lgan Sister Wives shousining asosiy qahramoni hisoblanib, unda muxlislar Braunning to‘rt nafar xotini va 17 nafar bolasi bilan kechadigan har kunlik hayotini kuzatib boradi.
Izoh (0)