Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da navoiylik futbol muxlislari uchun unutilmas uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shu kuni FIFA referisi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Ravshan Ermatov ishtirokidagi uchrashuvni millionlar o‘yini ishqibozi bo‘lgan yoshlar katta hayajon va quvonch bilan qarshi oldi, deb xabar bermoqda “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi.
Yoshlar bilan muloqot chog‘ida taniqli hakam hech narsaga osonlikcha erishib bo‘lmasligini alohida ta’kidladi. Hakam muvaffaqiyatlar zamirida tinimsiz mehnat yotishi, inson o‘z tanlagan yo‘lidan har qanday qiyin vaziyatda ham voz kechmasligini aytib, o‘zbek yoshlari, albatta, g‘alabaga munosibligini ishonch bilan tilga oldi. Shuningdek, Ravshan Ermatov muloqot chog‘ida futbolga kirib kelishi, 2002-yil O‘zbekistonda FIFA seminari bo‘lgani va o‘shanda FIFA hakamlari tarkibiga tavsiya qilingani haqida gapirib berdi.
“Navoiylik yoshlarning futbolga mehri balandligini ko‘rib xursand bo‘ldim. Ular dunyo maydonlarini zabt etishga qodir yigit-qizlardir. Bugun bunday yoshlar uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar yaratilgan. Faqat orqaga chekinmaslik, tinimsiz mehnatdan qochmaslik kerak. Shunda, albatta, ko‘zlangan natijaga erishiladi”, — deydi Ravshan Ermatov.
Uchrashuv so‘ngida viloyat hokimi o‘rinbosari Ulug‘bek Razzoqov O‘zbekiston faxriga aylangan hakamga esdalik sovg‘asi sifatida hazrat Alisher Navoiy aks etgan ramziy yodgorlikni taqdim qildi.
Uchrashuvda Ravshan Ermatovning jahon chempionatidagi brigadasida yon qanot hakami bo‘lgan Abduhamidullo Rasulov ham ishtirok etdi.
Izoh (0)