Turkiya prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ygan, ayni damda mamlakat Bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritayotgan Rajab Toyib Erdo‘g‘an saylovoldi mitingda amerikalik kongressmenlardan “g‘alati maktub” olganini ma’lum qildi. Bu haqda “Rossiyskaya gazeta” xabar bermoqda.
Maktubga imzo qo‘yganlar AQShning ham respublika, ham demokratik partiyasini himoya qiluvchi “Turkiya bilan do‘stlik” guruhi vakillari ekani qayd etildi.
Erdo‘g‘anning aytishicha, Turkiya Vazirlar mahkamasi vakilining arab-isroil muammolariga bildirgan fikrlari uchun maktub orqali unga tahdid qilingan.
Xususan, nomada Bosh vazirning Isroil yovvoyilikda Gitlerdan ham o‘tib tushganini aytgani, shuningdek, Anqaraning Tel-Avivni “Falastinga qarshi davlat terrori” olib borayotganlikda ayblagani yodga olinib, bunday bayonotning maqbul emasligi ta’kidlangan. Erdo‘g‘an kongressmenlarning maktubga yarasha javob olishini ma’lum qildi.
Turkiya OAVlari Vashingtondan kelgan xatning o‘zini ham e’lon qildi. Unda “Turkiya do‘stlari” Erdo‘g‘an Isroilga nisbatan ig‘vo gaplar aytgani uchun Kongress nigohida mamlakatning ijobiy timsoli shakllanishi va Amerika — Turkiya loyihalari rivojlanishining qiyin kechishiga shama qilgan. Shuningdek, maktub mualliflari Bosh vazirning avval yaxshilab o‘ylab, olib kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlari va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sirini baholab, so‘ng bayonot berishiga umid qilayotganini ta’kidlab o‘tgan.
Mahalliy tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur xat Anqaraga AQShning Yaqin Sharqdagi “eng yaqin do‘sti” kim ekanligini namoyon qildi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq, Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘an AQSh prezidenti Barak Obama bilan boshqa gaplashmasligini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)