Ukrainadagi aviahalokat qurbonlari orasida OITSni o‘rganayotgan mutaxassislar ham borligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Olim va mutaxassislar Melburnda 19-iyul kuni boshlanishi kutilgan OITSga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro konferensiyaga ketayotgan bo‘lgan.
Samolyot bortida, xususan, Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti matbuot kotibi, britaniyalik Glinn Tomas hamda OITSga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro jamiyatning sobiq prezidenti, gollandiyalik Yup Lange bo‘lgan. 60 yoshli professor Lange so‘nggi 30 yil umrini kasallikni davolashning turli usullarini o‘rganishga bag‘ishlagan.
Amerikaning Men's Health Crisis nomli OITSga qarshi kurash nodavlat tashkiloti rahbari Entoni Geyes olimlarning halokati 30 yillik kasallikning tarixi, hozirgi holati va ertaga qanday rivojlanishi mumkinligini aniqlashda katta yo‘qotish ekanligini qayd etib, “Ular konferensiyaga odamlarning hayotini yaxshilash maqsadida ketayotgan edi”, — deb ta’kidladi.
Izoh (0)