Mongoliyadan noqonuniy olib chiqilgan 18 dinozavrning qoldiqlari AQSh hukumati yordamida mamlakatga qaytarildi. Bu haqda Nyu-York Janubiy okrugining federal prokurori Priit Bxararning so‘zlariga tayanib, “ITAR-TASS” xabar berdi.
10-iyul kuni bo‘lib o‘tgan maxsus marosimda prokuror dinozavr qoldiqlarining Mongoliyadagi tabiiy tarix muzeyiga topshirilishini aytdi.
Xabar berilishicha, dinozavr qoldiqlarining yoshi 68—80 million yilga teng. Ikki tarbozavr va bir prototseratops skeletlari, bir nechta qushsimon oviraptor suyaklari, dinozavrning toshga aylangan tuxumi singari noyob eksponatlar Mongoliya hududidagi Gobi cho‘lida topilgan edi.
2012-yil oktabr oyida topilmalar orasidagi tranozavr skeletini Mongoliyadan AQShga noqonuniy olib kelgan Virjiniya shtatida istiqomat qiluvchi Erik Prokopi hibsga olingan edi. U uch yil ozodlikdan mahrum qilinishi mumkinligidan xabar topgach, AQSh prokuraturasiga dinozavr qoldiqlarini topish uchun yordam berishga rozilik bildiradi.
Ikki yillik qidiruv ishlaridan so‘ng, AQSh hukumati dinozavr qoldiqlarini topishga muvaffaq bo‘ldi. Erik Prokopi esa uch oylik qamoq jazosiga mahkum qilindi.
Izoh (0)