Rossiyaning yetakchi uchta axborot agentligidan biri — “Interfaks” futbol yangiliklarini tarqatishga ixtisoslashgan Uff.uz saytini O‘zbekiston futbol federatsiyasi (O‘FF)ning veb-sahifasi sifatida tanishtirdi, deya xabar beradi “Kun”.
Agentlik 17-iyun kuni Londonning “Chelsi” jamoasi sobiq bosh murabbiyi Avraam Grant bilan Uff.uz saytida e’lon qilingan xabarga asoslanib axborot berar ekan, o‘z saytida ushbu axborot O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan tarqatilganini ma’lum qilgan. Haqiqatda esa, O‘FFning sayti the-uff.com manzilida joylashgan va u yerda Avraam Grant haqida hech qanday axborot berilmagan.
2006-yilda tashkil etilgan Uff.uz sayti WWW.uz milliy reytingi ma’lumotlariga ko‘ra, Uznetda eng ko‘p foydalanuvchi kiradigan resurs hisoblanadi. Sayt o‘zbekchadan tashqari, rus va ingliz tillarida ham faoliyat olib boradi. Saytdagi logotip ostiga “O‘zbekistonda futbol yangiliklari” deb yozilgan va hech bir sahifasida O‘zbekiston futbol federatsiyasiga aloqadorligini bildiruvchi belgi yo‘q.
O‘zbekiston futbol federatsiyasining ilk rasmiy sayti 2005-yili uzfootball.com manzilida ishga tushirilgan bo‘lib, resurs 2007-yilda the-uff.com manziliga ko‘chirilgan. O‘FF matbuot xizmati o‘z saytini o‘zbek va rus tillarida olib boradi. Bundan tashqari, tashkilot Twitter, Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida ham o‘z kanallariga ega.
1989-yilda tashkil etilgan “Interfaks” “RIA Novosti” va “ITAR-TASS” bilan birgalikda Rossiyaning yetakchi mustaqil axborot agentliklaridan biri hisoblanadi. Agentlik “Interfaks-Ukraina”, “Interfaks-G‘arb” (Belarus), “Interfaks-Qozog‘iston”, “Interfaks-Ozarbayjon” kabi milliy tarmoqlariga ham ega. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzurida “Interfaks”ning ikki muxbiri akkreditatsiyadan o‘tgan.
Izoh (0)