17-iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Koreya Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Islom Karimov bilan Pak Kin Xening tor doiradagi uchrashuvida ikki tomonlama munosabatlarga doir masalalar, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Muzokarada ta’kidlanganidek, bu uchrashuv ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish jarayonidagi muhim bosqich, hamkorlikning bugungi holatini har tomonlama tahlil qilish, istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish hamda faol rivojlanib borayotgan strategik sheriklikni yangi amaliy mazmun bilan boyitish uchun yaxshi imkoniyatdir.
Prezidentlar muloqoti ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom etdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga oid masalalarni muhokama qildi.
2013-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,1 milliard dollardan oshdi. 2014-yilning yanvar–aprel oylarida bu boradagi ko‘rsatkich 669,3 million dollarga yetdi.
“Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda.
Koreya Respublikasining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi hajmi 5 milliard dollardan oshadi. O‘zbekistonda janubiy koreyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 412 korxona, ushbu mamlakatdagi 81 kompaniyaning vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Muzokarada tovar ayirboshlash hajmini oshirish va nomenklaturasini diversifikatsiya qilish, ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokida muntazam ravishda biznes-forumlar o‘tkazish, shuningdek, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish borasida yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi.
Tomonlar madaniyat, musiqa, san’at va sport sohalarida aloqalarni yanada faollashtirish, qo‘shma madaniy festivallar, ko‘rgazmalar tashkil etish, o‘quv yurtlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirishga kelishib oldi. O‘zbekistonda Koreys madaniyati va san’ati markazini ochish masalasi ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida Prezident Islom Karimov va Prezident Pak Kin Xe O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Shuningdek, 2014—2017-yillarga mo‘ljallangan Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi kreditlari to‘g‘risidagi hukumatlararo hadli kelishuv, Ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Koreya Respublikasi Eksport-import banki o‘rtasida moliyaviy bitim va boshqa hujjatlar imzolandi.
Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.
Izoh (0)