Misr jamoat arbobi, huquqshunos Murtada Mansur “ilohiy belgi” kelganidan so‘ng, prezidentlik saylovlaridagi nomzodini olishini e’lon qildi, deya xabar bermoqda Al-Arabiya.
19-aprel, shanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida siyosatchi unga ilohiy kuchlar saylovdagi o‘z nomzodini olib, o‘rnini Misr sobiq mudofaa vaziri Abdulfattoh as-Sisiyga bo‘shatib berishi kerakligi haqida belgi berishganini aytdi.
Mansurning so‘zlariga ko‘ra, u tushida uning qarshisida harbiycha kiyingan ikki kishi turganini ko‘rgan. Siyosatchi buni Misrning yangi prezidenti aynan general as-Sisiy bo‘lishi haqidagi belgi, deb qabul qilgan.
Mansurning qo‘shimcha qilishicha, tushidagi harbiycha kiyingan erkaklar: “Biz yangi Misrga yo‘l olmoqdamiz”, – deb aytgan. Shundan so‘ng prezidentlik saylovlarida ishtirok etayotgan huquqshunos o‘z nomzodini olishi kerakligini tushungan.
“Kun”ning ma’lumotiga ko‘ra, Misrdagi prezidentlik saylovlari 2014-yilning 26—27-may kunlari bo‘lib o‘tadi. Sobiq mudofaa vaziri as-Sisiy aholi orasida nisbatan obro‘ga ega bo‘lgani sabab, prezidentlik saylovlari favoriti sifatida ko‘rilmoqda.
Izoh (0)