Turkiyada prezidentni haqorat qilganlik aybi bilan hibsga olingan astrolog Hilol Sarach davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘ondan uzr so‘radi. U o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida tegishli post qoldirdi.

Astrolog Erdo‘g‘on va Bahchelidan uzr so‘rab, siyosatchilarni hurmat qilishini qayd etdi. U bolalari bilan uchrashish uchun ulardan yordam so‘radi. Sarach bilan bog‘liq voqea 6-fevral kuni yuz bergan edi. O‘shanda u ijtimoiy tarmoqlarda milliy harakat partiyasi yetakchisi Davlat Bahchelida o‘pka bilan bog‘liq jiddiy muammolar borligini aytib, unga shifokorlarga murojaat qilishni tavsiya qilgan.
Rostini aytsam, u saylovgacha yashamaydi. Saylovlar shundoq ham muddatidan oldin bo‘lib o‘tadi. Aytgancha, gap aynan kim haqida ketayotganini yozishga jur’atli emasman, lekin o‘ylaymanki, siz buni tushunish uchun yetarlicha aqllisiz, degan u.
Oradan ikki kun o‘tib, u prezident Erdo‘g‘on va Bahcheliga haqorat qilish ayblovi bilan hibsga olingan.
Turkiyada 2027-yil noyabr oyida muddatidan oldin prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda
Adolat va taraqqiyot partiyasi saylovlarda yana Erdo‘g‘on nomzodini ilgari suradi. Turkiya prezidenti 23-fevral kuni hukmron partiya rahbari lavozimiga qayta saylandi. U partiya qurultoyida so‘zlagan nutqida unga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.
8-mart kuni Istanbul meri Ekrem Imomo‘g‘li mamlakat prezidenti lavozimi uchun rasman kurashga kirishdi. Respublika xalq partiyasidan nomzod prezidentlik kampaniyasini Izmirga ramziy tashrif bilan boshladi. Istanbul meri rasmiylar tomonidan unga bosim o‘tkazilayotgani haqida ham to‘xtaldi. U o‘z nutqida unga qarshi jinoiy ishlarni eslatib o‘tdi, jumladan:
- haqorat qilish to‘g‘risidagi ish;
- prokurorga tahdid qilish;
- qalbaki diplom ishi
Shuningdek, u yaqinda rasmiylar uning atrofidagi 10 dan ortiq kishining mol-mulkini musodara qilganini aytdi.
2014-yildan buyon mening yagona “jinoyatim” — saylovlarda yengib bo‘lmaydigan Ekrem Imamog‘lu bo‘lishdir. Sen buni to‘rt marta boshdan kechirding, oldinda esa seni beshinchi va so‘nggi mag‘lubiyat kutmoqda. Qanchalik urinmagin, saylov kuni muqarrardir, deya u prezident Erdo‘g‘onga murojaat qilgan.
Izoh (0)