Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash va mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qo‘llab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda har bir sohani rivojlantirishda kadrlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yoshlarning o‘qishi, mutaxassislarning tajriba oshirishi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Shu maqsadda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 2 225 nafar stipendiatlar 45 ga yaqin davlatga o‘qishga yuborilib, byudjetdan jami 1,5 trln so‘m yo‘naltirildi. Hozirgacha ularning 1 400 nafari O‘zbekistonga qaytib, iqtisodiyot tarmoqlarida, taʼlim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvida ishlamoqda. Bugungi kunda 748 nafar stipendiatlar “TOP-300” talikdagi nufuzli universitetlarda taʼlim olayapti.

Endi bunday ishlar ko‘lamini yana-da kengaytirish maqsadida mazkur fondni Prezident huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib, Davlat boshqaruvi akademiyasini Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi etib qayta tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ular Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birga kadrlar tayyorlash klasteriga aylantiriladi.
Jumladan, istiqbolli mutaxassislarni xorijda tayyorlash bo‘yicha bakalavriat, magistratura va doktorantura bilan bir qatorda davlat xizmatchilari olti oygacha maqsadli stajirovkaga yuboriladi. Bunda energetika, urbanizatsiya, transport, arxitektura, geodeziya, yer munosabatlari, texnika, muhandislik kabi iqtisodiyotning drayver sohalariga, davlat boshqaruvi va dolzarb ijtimoiy yo‘nalishlarga ustuvorlik beriladi.
Xalqaro reytinglarda “TOP-100” talik universitetlarga grant asosida o‘qishga kirgan nomzodlarga “El-yurt umidi” stipendiyasi imtihonlarsiz ajratiladi. “TOP-300” talikda bo‘lgan universitetlarga grantga kirganlarga xalqaro transport va turar joy xarajatlari imtihonlarsiz qoplab beriladi. “TOP-20” talikdagi universitetlar bakalavriatiga 50 foiz grant asosida qabul qilingan Prezident maktablari bitiruvchilariga stipendiyalar tanlovlarsiz ajratiladi.

Xorijda o‘qiyotgan o‘zbekistonliklar bilan doimiy muloqotda bo‘lish, ularning ehtiyojlarini aniqlash hamda taʼlim-tarbiya jarayonlarida yordamlashish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlarining ota-onalari kengashi tuziladi. Elchixona va konsulliklarga talabalarga huquqiy va tashkiliy ko‘mak ko‘rsatish vazifalari yuklatiladi.
Zamon talablariga mos mutaxassislar tayyorlashda Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining ham o‘rni katta. U yerda “Hokimlar maktabi”, “Rahbar ayollar maktabi”, “Kelajak liderlari” kabi kurslarda ilg‘or taʼlim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan o‘quv yilida 13 mingdan ziyod tinglovchilarning malakasi oshirilgan.
Yangi tizimga asosan, endi davlat xizmatchilari uchun 3 ta dastur – malaka oshirish, qayta tayyorlash va magistratura yo‘lga qo‘yiladi. Barcha uzoq va o‘rta muddatli o‘quvlar xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma taʼlim dasturlari hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tayanch tavsiyalari asosida tashkil etiladi.

Magistraturada “Davlat boshqaruvi”, “Davlat siyosati”, “Hududlarni kompleks rivojlantirish”, “Inson resurslarini rivojlantirish” va “Davlat moliyasini boshqarish” yo‘nalishlarida 18 oygacha muddatda chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi. Davlat buyurtmasidan tashqari to‘lov-kontrakt shaklida ham talabgorlar qabul qilinadi.
Akademiyada taʼlim dasturlari va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berish, nufuzli xorijiy ilmiy-taʼlim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish uchun Xalqaro akademik maslahat kengashi tuziladi.
Shuningdek, akademiya huzurida 4 ta yangi markaz tashkil etilmoqda. Misol uchun, Davlat boshqaruvi muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish markazi davlat xizmati samaradorligini oshirish, xususiy sektordagi ilg‘or amaliyotlarni davlat boshqaruvida joriy qilishga qaratilgan tavsiyalar berib boradi.
Prezident takliflarni maʼqullab, bu tizimlarni yangicha yondashuvlar asosida joriy qilish, jamg‘arma va akademiya xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Iqtidorli yoshlarni doimiy izlab topish va yuqori darajada o‘qitish, malakali mutaxassislarni islohotlarga jalb qilish muhimligi taʼkidlandi.
Izoh (0)