Raqobat qo‘mitasi O‘zbekistonda umra xizmatini litsenziyasiz reklama qilgan yana 4 ta turoperator jarimaga tortilganini ma’lum qildi.

Turoperatorlar tomonidan umra tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid reklamalarning qonuniyligi o‘rganilganda Buxoro, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tomonidan jami 4 ta (Nature Travel, “Muslim Fayzi Obod”, Al-Bukhayr Travel Tours, Naqqosh Tour MCHJ) turoperatorlar tomonidan lisenziya hujjatlari mavjud bo‘lmagan holda reklamalar joylashtirilgani aniqlangan.
Bu bilan “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgani yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, yakunlari yuzasidan moliyaviy jarimalar qo‘llangan.
Shuningdek, qo‘mitaning Farg‘ona viloyati va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tomonidan, jami 11 ta (Al Qaswa Ihlos, “Umra qumtepa”, “Marg‘ilon Umra ziyorati”, “Farg‘ona Umra 2022”, “Fayz Turizm”, “Ziyorotul_Umra”, “Sux_Haj Umra ziyorati”, Buxoriy Tour, Yuksak Travel Farg‘ona Umra) Telegram kanallar ma’murlari hamda Emir Voyega MCHJ tomonidan berilgan reklamalarda ham yuqoridagi kabi qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Aprel oyida O‘zbekistonda umra xizmatlarini litsenziyasiz reklama qilgan 7 ta turoperator jarimaga tortilgandi.
Umra tadbirlarini tashkil etish
2024-yil iyulida O‘zbekistonda umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Hukumat qarori bilan quyidagi litsenziya talab va shartlari joriy etilgan. Litsenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan umra xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (75 million so‘m) etib belgilangan.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga muvofiq ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunda taqiqlangan tovarlarni, shuningdek, ishlab chiqarilishi va (yoki) realizatsiya qilinishi uchun tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilish taqiqlangan.
Izoh (0)