Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘t ochishni to‘xtatish evaziga Rossiyaga hududiy yon berish niyatida emasligini aytdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Zelenskiyga ko‘ra, Moskva qo‘lga kiritgan hududlardan kelajakda urush boshlash uchun foydalanadi. U amerikalik hamkasbi Donald Tramp hudud berish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamasligiga umid qilmoqda. 15-avgust kuni Alyaskada Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH rahbari muzokara olib boradi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, AQSH bosimi ostida Donbassni Rossiyaga topshirish xavfli, chunki Rossiya talab qilayotgan hudud mamlakatning qariyb 90 ming kvadrat kilometrini tashkil etadi. O‘tgan hafta Rossiya urushni to‘xtatish evaziga Ukrainadan Donbassning hozirgi nazorat qilinayotgan qismlaridan chiqishni talab qilgan. Tramp esa bu holatda “hudud almashinuvi” ehtimolini istisno etmagan.
Ukraina rahbari Rossiya “faqat oldinga siljimaslik, lekin hech qayerdan chiqib ketmaslik”ni taklif qilayotganini aytdi. Shuningdek, hudud almashish masalasi kun tartibida yo‘qligini bildirdi.
Biz Donbassni tark etmaymiz. Buni qila olmaymiz. Rossiya uchun Donbass — kelajakdagi yangi hujumga tayanch nuqta. Men ertaga yangi urush boshlanmasligiga va Putin hech bo‘lmaganda Dnepr, Zaporoje va Xarkovni bosib olishga urinmasligiga kafolat beradigan hech narsa eshitmadim — birorta ham taklif yo‘q, dedi u.
Siyosatchi Rossiya talab qilayotgan hudud strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi, chunki u Ukrainaning markaziy shaharlarni himoya qiladi. Prezident ta’kidlashicha, hudud va mamlakatning kelajakdagi xavfsizligi haqida gaplashishdan avval Putin hozirgi front chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatishga, ikki tomon barcha harbiy asirlar va yo‘qolgan bolalarni qaytarishga rozi bo‘lishi kerak.
Hudud masalasini xavfsizlik kafolatlaridan ajratib ko‘rib bo‘lmaydi, dedi u.
Zelenskiy Alyaskadagi Tramp va Putin uchrashuviga bormasligini ma’lum qildi, ammo undan keyin uch tomonlama uchrashuv bo‘lishiga umid bildirdi. Rossiya prezidenti esa hozircha Zelenskiy bilan uchrashishga tayyor emasligini aytgan.
Izoh (0)