Yangi saylanadigan Rim papasi Leo yoki Innokentiy ismini tanlashi mumkin. Bu haqda Darem universiteti Katolik tadqiqotlar markazi katolitsizm tarixi kafedrasi dotsenti Liam Templ CNN’ga ma’lum qildi.

Templning aytishicha, birinchi ism ijtimoiy adolat, munosib ish haqi va xavfsiz mehnat sharoitlariga sadoqat bilan tanilgan Papa Lev XIII ga ishora qilsa, ikkinchi ism korrupsiyani bartaraf etishga intilgan Innokentiy XIII bilan bog‘liq.
Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, agar Pontifik Global Janubdan saylansa, Gelasiy, Miltiad yoki Viktor ismlari mos kelishi mumkin, chunki ularning barchasi Afrika qit’asidan bo‘lgan.
“X asrdan keyin papalar saylanganidan so‘ng yangi ism qabul qilish odatiy holga aylandi. Chunki Fransiya va Germaniya kabi mamlakatlardan chiqqan papalar o‘zlaridan oldingilarga taqlid qilish uchun ko‘proq italyancha jaranglaydigan ismlarni tanlaganlar”, deydi maqola mualliflari.
Rim papasi Fransisk 21-aprel kuni 88 yoshida vafot etdi. 26-aprel kuni pontifik Rimdagi Santa-Mariya-Majore cherkoviga dafn etildi. Dafn marosimida 100 dan ortiq xorijiy delegatsiyalar, shu jumladan o‘nlab davlat rahbarlari ishtirok etgan. Jumladan, AQSH prezidenti Donald Tramp, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Lotin Amerikasi davlatlari rahbarlari — Argentina prezidenti Xavyer Miley va Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva hamda boshqa ko‘plab yuqori martabali shaxslar qatnashgan.

Yangi Rim papasini saylash uchun konklav 7-may kuni Vatikanda o‘tkaziladi. Yig‘ilishda dunyoning turli burchaklaridan kelgan 80 yoshgacha bo‘lgan 135 ga yaqin kardinal ishtirok etish huquqiga ega.
Saylovlar davrida kardinallar Vatikan hududidagi Avliyo Marfa uyi deb ataluvchi mehmonxonada istiqomat qiladilar. Yig‘ilishlar uchun Mikelanjelo va Uyg‘onish davri boshqa rassomlarining durdona asarlari bilan bezatilgan Sikstina kapellasi fon vazifasini o‘taydi.
Saylovning o‘zi yopiq tarzda o‘tkaziladi, bu paytda kardinallar tashqi dunyo bilan aloqa qilmaydilar. Yangi papa saylanganligi haqidagi xabar mo‘ri orqali e’lon qilinadi: tanlangan nomzodlar yozilgan qog‘oz kartochkalar yoqiladi, natijada mo‘ridan oq tutun chiqadi, bu esa yangi papa tanlanganini bildiradi.
Italiyada Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yangi Rim papasi sayloviga ta’sir o‘tkazish va Sant’Egidio harakati bilan aloqalar orqali taxtga o‘z nomzodini “ilgari surish”ga urinishda gumonlanayotgani bildirildi.
Izoh (0)