Prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda eng avvalo mamlakat iqlimiga mos sifatli ko‘chatni ko‘paytirish lozimligi taʼkidlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Fanlar akademiyasi, ekologiya, qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligi, karantin tizimidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliygohlar, kafedralar, in-vitro laboratoriyalaridan samarali foydalanib, urug‘ va ko‘chat yetishtirish hajmini oshirishi zarur.
Nukus, Arnasoy, Qorako‘l, Muborakda keyingi yilda suvsizlik va sho‘rga chidamli galofit o‘simliklaridan iborat 4 ta bog‘ barpo qilinadi. Urug‘ olish uchun o‘rmon xo‘jaliklaridan sog‘lom onalik plantatsiyasini tanlash orqali yiliga 1,5 ming tonna urug‘ tayyorlanishi, Koreya tajribasi asosida suvsizlikka chidamli, iqlim sharoitiga mos yopiq ildizli konteyner va in-vitro usulida 2 million ko‘chat yetishtirish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazmdagi 250 ming gektar cho‘lda suv talab etmaydigan saksovul, qandim, cherkez urug‘lari dronlar yordamida ekiladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Samarqand, Xorazm, Toshkent va vodiy viloyatlaridagi 327 gektar yerda noyob mevali ko‘chatlarni in-vitro usulida yetishtirishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Oktyabr-noyabr oylarida mahallalarda 40 million dona manzarali va mevali daraxt yangi tizim asosida ekilishi belgilandi. “Mahalla yettiligi” har bir mahallada 30 tadan kambag‘al oila xonadoniga 20 tupdan, 20 ming yakka yolg‘iz keksalar xonadoniga 10 tupdan mevali daraxtlar tarqatadi. Shuningdek, yettilik o‘ziga biriktirilgan ko‘chalarda jami 6 million dona manzarali daraxt, ko‘chalar, uylar, ko‘p qavatli uylar atrofiga jami 3 million mevali va manzarali daraxt ekishni tashkillashtirishi muhimligi qayd etildi.
Taʼlim tizimi rahbarlariga 20 mingdan ziyod bog‘cha, maktab, oliygoh va shifoxonalar hududida 2,5 million dona ko‘chat ekishni tashkil qilish topshirildi. Yoshlar ishlari agentligi 155 ming yoshlarga bo‘lib berilgan 60 ming gektar yerda jami 1,5 millionta mevali daraxt ekishga ko‘maklashadi. Barcha mahallalarda ko‘chat yarmarkasini tashkil qilib, 30 millionta ko‘chat yetkazib berish muhimligi taʼkidlandi.
Televideniye, radio, gazeta va ijtimoiy tarmoqlarda daraxt ekish nuroniylar, mahalla faollari, jamoat arboblari, sanʼatkor va sportchilar ishtirokida keng targ‘ib qilinsa, ishlarning samarasi bundan-da yuqori bo‘lishi taʼkidlandi.
Prezident aholini daraxt ekishga jalb qilish bo‘yicha yaxshi tajribalar ko‘payayotganini qayd etib, to‘lov tashkilotlari va elektron savdo platformalarining bunday loyihalarini qo‘llab-quvvatlash zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Izoh (0)