“Tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori bilan Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etiladi.

Hujjatda qayd etilishicha, turdosh yo‘nalishdagi OTMlarni ularning quvvati, ilmiy salohiyati va boshqa ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib yiriklashtirish hamda tibbiy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlashni samarali tashkil etish maqsad qilingan.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida tashkil etiladi. Universitetga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi
Toshkent tibbiyot akademiyasining markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasi negizida Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali Urganch davlat tibbiyot instituti etib qayta tashkil etiladi.
Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi va Toshkent davlat stomatologiya instituti klinikasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikalari etib qayta nomlanadi. Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz va Chirchiq filiallari Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz va Chirchiq filiallari etib qayta nomlanadi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi akademik litseyi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi va Toshkent davlat stomatologiya instituti akademik litseyi Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-, 2- va 3-son akademik litseylari etib qayta nomlanadi.
Ta’lim dasturlarini xalqaro tibbiy ta’lim standartlariga muvofiqlashtirib, kompetensiyalarga asoslangan tibbiy ta’lim dasturlarini joriy etish Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
Qarorga ko‘ra, universitet tibbiyot sohasi uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
2025/26-o‘quv yilidan magistraturada bosqichma-bosqich xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlar tashkil etadi.
Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalari universitet talabalari uchun klinik amaliyot bazalari etib belgilanadi.
Universitetga talabalarni o‘qishga qabul qilish 2025/2026-o‘quv yilidan boshlanadi. 2025/26-o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Universitetda davom ettiradi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda universitet diplomi beriladi.
Universitet tuzilmasida homiylik xayriyalari hisobidan to‘ldiriladigan Toshkent davlat tibbiyot universitetini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.
O‘zbekistondagi yangi universitetlar
2025-yil boshlarida Cyber university davlat universiteti tashkil etildi. 2024-yilda Amerika texnologiyalar universiteti ochildi. Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universiteti, Andijondagi ikkita institut hamda bitta fakultet negizida esa Andijon davlat texnika instituti tashkil etilishi ma’lum qilindi. Qashqadaryodagi ikkita institut va ikkita OTM filiali negizida Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etilishi belgilandi. Surxondaryoda Yapon texnologiya universiteti tashkil etilishi kutilmoqda.
Izoh (0)