Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida yangi barpo etilgan Bobur shahrida o‘tkazilgan tantanali marosimda nutq so‘zladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari Bobur shahri milliy madaniyat va sanʼat, o‘zbekona mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik va hamkorlikni aks ettiradigan o‘ziga xos ko‘zgu bo‘lishi zarurligini taʼkidladi.
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar, muhtaram Andijon ahli!
Avvalo, siz, azizlar bilan yurtimizda ko‘klam nafasi kezib yurgan mana shunday fayzli kunlarda diydor ko‘rishib turganimdan g‘oyat mamnunman. Barchangizga o‘zimning yuksak hurmat va ehtiromimni bildiraman.
Hammangizga ma’lumki, inson qadrini ulug‘lash, xalqimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, shu asosda odamlarni hayotdan rozi qilish – Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadidir.
Bugun jonajon Vatanimizning barcha viloyatlari, qishloq va ovullarida ana shu ulug‘ va ezgu maqsad qanday amaliy natijalar berayotganini ko‘rib, albatta barchamiz cheksiz quvonamiz. Buning amaliy tasdig‘ini go‘zal va betakror Andijon zaminida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Viloyatda sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, bog‘u rog‘lar barpo etish, ko‘cha va mahallalarni obod qilish, aholi uchun munosib mehnat va yashash sharoitlari yaratish bo‘yicha ko‘plab tahsinga loyiq ishlar qilinmoqda.
Qani endi, imkoni bo‘lsa-yu, bu so‘lim diyorga tez-tez kelib, siz, azizlar bilan chin dildan miriqib suhbatlashsam. Chunki, sir emas, men doimo sizlar kabi mard va tanti, qalbi – Ollohda, qo‘li – ishda bo‘lgan insonlar bilan uchrashib, muloqot qilib, o‘zim uchun beqiyos ma’naviy kuch olaman, ruhlanaman.
Ishonch bilan aytish mumkinki, Andijon zaminida Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, Yangi O‘zbekiston nafasi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib bormoqda, xalqimizni baland-baland marralarga undamoqda.
Bu – islohotlarimizning biz kutgan, butun xalqimiz kutgan eng katta, eng muhim natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Qadrli do‘stlar!
Faxr bilan ayta olamizki, Andijon butun mamlakatimiz, Markaziy Osiyo mintaqasining zamonaviy, yirik shaharlaridan biri, vodiy gavharidir. Bu ko‘hna zamindan ko‘plab olim va mutafakkirlar, mashhur shoir va adiblar, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san’at namoyandalari yetishib chiqqan.
Andijon – buyuk mutafakkir, bunyodkor shoh Zahiriddin Muhammad Bobur bobomiz tavallud topgan tabarruk diyor ekani barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.
Bugungi kunda Andijonda barcha soha va tarmoqlar jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda bu yerda juda katta salohiyat mavjud. Ana shunday ulkan imkoniyatlarimizni ishga solish, hududni yanada taraqqiy ettirish maqsadida sizlar bilan bundan ikki yil avval Yangi Andijon shahri va “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini barpo etish haqida kelishib olgan edik.
O‘tgan davr mobaynida ushbu ulkan loyihani amalga oshirish borasida katta ishlar bajarilganiga barchangiz guvohsiz. Nafaqat guvohsiz, ayni paytda ularda bevosita ishtirok etmoqdasiz. Qisqa vaqt ichida havas qilsa arziydigan mana shu go‘zal shaharcha bilan birga “Yangi O‘zbekiston” bog‘i ham qad ko‘tardi.
Siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni ana shu buyuk mehnat g‘alabasi bilan samimiy tabriklayman. Bunday fayzli, muazzam maskan barchamizga, avvalo, mehnatkash va olijanob Andijon ahliga muborak bo‘lsin, buyursin!
Xalqimizning bunyodkorlik an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan, fidoyilik va tashabbuskorlik fazilatlarini amaliy ishlari bilan namoyon etayotgan Andijon ahliga, bu ishlarga hissa qo‘shgan barcha insonlarga chin yurakdan tashakkur bildiraman.
Shu o‘rinda ko‘pdan buyon o‘ylab yurgan bir tashabbusni sizlar bilan maslahat qilmoqchiman.
O‘zining betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan millatimiz, xalqimizni butun dunyoga tarannum etgan buyuk ajdodimiz – Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga – Bobur shahri deb nom bersak, nima deysizlar?
Qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat. Ishonchim komil, bu tashabbus har tomonlama xalqimizning ko‘nglidagi ish bo‘ladi.
Nega deganda, hazrati Bobur – jahon tarixida kamdan-kam uchraydigan shunday benazir, ulug‘ zotki, uning sharafiga nafaqat ko‘cha va maydonlar, bog‘u rog‘lar, balki alohida shahar bunyod etsak, albatta arziydi.
Nega deganda, Bobur Mirzo – Temuriylar Renessansining munosib davomchisi, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot, iste’dod homiysi bo‘lgan buyuk shaxsdir.
Uning yoshlik paytlaridan yurtda tinchlik va adolat o‘rnatish uchun olib borgan kurashlari, bu yo‘lda ko‘rsatgan mardlik va jasorati fidoyilik va vatanparvarlik maktabidir.
Hech shubhasiz, qomusiy bilim va tafakkur egasi bo‘lgan bu mumtoz ajdodimizning birgina “Boburnoma” asari uchun ham uning sharafiga mana shunday go‘zal shaharchani bunyod etsak, arziydi.
Chunki, takror aytishga to‘g‘ri keladi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi olamga mashhur ajdodlarimiz borligini, ular O‘zbekiston farzandi ekanini hech qachon unutmasligimiz kerak.
O‘zligimizni anglab, shonli tariximizni yosh avlodimizga, bolalarimizga tushuntirsak, ilm-ma’rifatni rivojlantirsak, ulug‘ bobolarimizga munosib bo‘lib yashasak, Yangi O‘zbekistonni ham, Uchinchi Renessansni ham albatta quramiz!
Marra albatta bizniki bo‘ladi.
Aziz do‘stlar!
Zahiriddin Muhammad Bobur bobomiz bor-yo‘g‘i 47 yil umr kechirdi. Shu qisqa vaqt davomida u inson aqli bovar etmaydigan qanday buyuk ishlarni amalga oshirgani, qanday me’moriy obidalar, bog‘u rog‘lar barpo etib, o‘zidan o‘chmas nom qoldirib ketgani ham barchamiz uchun yuksak o‘rnak namunasidir.
Shu ma’noda, hazrati Boburning shonu shuhrati va qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, uning bebaho merosini xalqimizga yanada kengroq tanishtirish, butun dunyoga targ‘ib etish hurmatli olim va adiblarimizning, hammamizning muhim burchimiz hisoblanadi.
Viloyat ziyolilari, bilimdon yoshlarimiz, butun Andijon ahli bu borada yanada faollik ko‘rsatadilar, deb ishonaman.
Nega deganda, andijonliklar o‘zining bu ulug‘ farzandi xotirasini o‘sha og‘ir, mustabid tuzum davrlarida ham qalbida, xotirasida e’zozlab-ardoqlab kelganini yaxshi bilamiz. Davlatimizning yaqin yordami bilan hurmatli oqsoqolimiz Zokirjon aka Mashrabov kabi o‘nlab ma’rifatparvar insonlar, Bobur xalqaro fondi va ilmiy ekspeditsiyasi qanday katta ishlarni amalga oshirib kelayotganini yuksak qadrlaymiz.
Bu borada bir masalaga alohida e’tibor qaratishimiz zarur: Bobur Mirzoning bebaho merosi – bu bir ummon. Ummonning esa hech qachon tubiga yetib bo‘lmaydi.
Shuning uchun mamlakatimizda, viloyatda boburshunoslik sohasida olib borilayotgan ishlar to‘xtab qolmasligi, aksincha, yangi avlod, azmu shijoatli yoshlarimiz tomonidan davom ettirilishi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarilishi lozim. Bu ishda men sizlarga har tomonlama yordam berishga doimo tayyorman.
Aziz do‘stlar!
Mamlakatimizda amalga oshirayotgan barcha o‘zgarish va islohotlarimiz Bobur Mirzo kabi ulug‘ ajdodlarimizning orzu va maqsadlari, hayotiy ideallari, amalga oshirgan ulug‘vor ishlariga hamohang, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
Bugun sizlar bilan birgalikda Bobur bobomiz tug‘ilib o‘sgan tabarruk zaminda ul zotning dilida qolgan armonlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yana bir tarixiy voqeaning ishtirokchisi bo‘lmoqdamiz, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
Bobur shahrini barchamiz orzu qilayotgan eng go‘zal, eng zamonaviy shaharga aylantirish bugundan boshlab real vazifa qilib kun tartibiga qo‘yiladi. Bu shahardan haqiqiy boburiylar yetishib chiqishi uchun bobomiz nomi bilan ataladigan ixtisoslashgan bog‘cha va maktab, universitet, kutubxona va IT parkdan iborat yirik ta’lim klasteri barpo etiladi. Uning tarkibida eng yuqori talablarga javob beradigan sport kompleksi ham quriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, barchamiz birlashib, Bobur shahrini milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etadigan ma’naviy maskanga, ta’lim va ilm-fan shahriga, yoshlarimiz uchun ilhom va ibrat, parvoz maydoniga, nafaqat vodiy, balki mamlakatimizning turizm va madaniyat markaziga, “yashil infratuzilma” asosida qurilgan zamonaviy “smart-siti”, ya’ni, aqlli shaharga aylantiramiz.
Bu shahar, xuddi buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy nomi qo‘yilgan azim shahar kabi, shonli tariximiz va kelajagimiz o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘ladi, yangi tariximizdan munosib o‘rin oladi.
Mana shu bog‘ hududining eng baland nuqtasida Zahiriddin Muhammad Bobur bobomizning yangi, muhtasham haykalini ham o‘rnatamiz.
Bobur shahri milliy madaniyat va san’atimiz, o‘zbekona mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik va hamkorlikni aks ettiradigan o‘ziga xos ko‘zgu bo‘lishi zarur.
Ushbu ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun katta dastur qabul qilamiz, 250 million dollarlik dastlabki kapitalga ega bo‘lgan alohida jamg‘arma tashkil qilinadi.
Bugungi tadbirda bosh vazir o‘rinbosarlari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ham ishtirok etyapti. Ularga alohida topshiriq: ushbu megaloyiha bir oydan kechikmay boshlanishi shart.
Aziz vatandoshlar!
Hurmatli Andijon ahli!
Mana shu zamonaviy amfiteatr sahnasida, mana shu go‘zal bog‘da xalqimizning nodir san’ati doimo namoyish etilib, ulug‘ shoirlarimiz she’rlari yangrab tursa, ayni muddao bo‘ladi.
Bu oqshom ushbu yangi madaniyat maskanida atoqli san’atkorlar va iste’dodli yosh ijrochilar ishtirokida bo‘lib o‘tadigan konsert dasturi shu yo‘lda ezgu an’anani boshlab beradi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha madaniyat va san’at sohasi xodimlarini bugungi kasb bayrami bilan butun xalqimiz nomidan, o‘z nomimdan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Ishonchim komil, noyob qiyofasi, yashil olami, zamonaviy dam olish infratuzilmasi bilan yangi shahar hayotida alohida o‘rin egallaydigan ushbu muazzam bog‘ Andijon ahli uchun, barcha vatandoshlarimiz, farzandlarimiz uchun eng sevimli va qutlug‘ maskanga aylanadi.
Barchamiz yaxshi bilamizki, Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoning qaysi yerida, qaysi o‘lkasida bo‘lmasin, bir umr vatan sog‘inchi bilan yashadi. Bugun buyuk ajdodimizning armonlari ushaldi, ul zot o‘z yurtiga ruhan qaytib keldi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.
Mana shunday ulug‘, tarixiy kun barchamizga muborak bo‘lsin!
Sizlarga, sizlarning timsolingizda Andijon ahliga tinchlik-omonlik, mustahkam sog‘liq, yangi yutuq va omadlar tilayman.
Izoh (0)