Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijondagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi xalq saylida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Andijonlik yoshlar bilan muloqotda ularga yuksak ishonch bildirildi.
“Davlatimizning eng ustuvor maqsadlaridan biri – yoshlar siyosati. Taʼlim-tarbiya, mahalla, bandlik, sport tizimlarida qilayotgan ishlarimiz farzandlarimizning manfaatlari uchun. Bizning yoshlarimiz qobiliyatli, isteʼdodli. Bu isteʼdod qachon yuzaga chiqadi? Mehnat bo‘lsa. Bilim olib, intilgan odam hech qachon kambag‘al bo‘lmaydi, ishini topadi. Siz ham o‘qib, izlanib, zamonaviy kasb-hunarlarni egallang. Baxtli bo‘lish uchun bugun zamin yaratishingiz kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Andijonda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari bilan ham uchrashdi. Mamlakatdagi tinchlik-totuvlik, millatlararo ahillik eng qadrli neʼmat ekani taʼkidlandi.

Bog‘dagi amfiteatrda konsert dasturi namoyish etildi. Davlat rahbari tadbirda nutq so‘zlab, viloyat ahliga yuksak hurmatini bildirdi.

“Inson qadrini ulug‘lash, xalqimizning huquq va manfaatlarini taʼminlash, shu asosda odamlarni hayotdan rozi qilish – yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadidir. Bugun Vatanimizning barcha viloyatlari, qishloq va ovullarida ana shu ulug‘ maqsad qanday amaliy natijalar berayotganini ko‘rib, albatta barchamiz cheksiz quvonamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning amaliy tasdig‘ini go‘zal va betakror Andijon zaminida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Viloyatda sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, bog‘u rog‘lar barpo etish, ko‘cha va mahallalarni obod qilish, aholi uchun munosib mehnat va yashash sharoitlari yaratish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda.

“Andijon zaminida yangi O‘zbekiston g‘oyasi, yangi O‘zbekiston nafasi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib bormoqda, xalqimizni baland-baland marralarga undamoqda. Bu – islohotlarimizning biz kutgan, butun xalqimiz kutgan eng katta, eng muhim natijasi”, dedi prezident.

Andijon mamlakatning tarixiy shaharlaridan biri, vodiy gavharidir. Bugungi kunda viloyatda barcha soha va tarmoqlar jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda bu yerda juda katta salohiyat mavjud. Ana shunday imkoniyatlarni ishga solish, hududni yanada taraqqiy ettirish maqsadida Yangi Andijon shahri qurilmoqda. Qisqa vaqt ichida bu yerda so‘lim “Yangi O‘zbekiston” bog‘i ham barpo etildi.

Davlat rahbari bu ishlarga hissa qo‘shgan barcha insonlarga tashakkur aytdi.
Andijon Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan diyor ekani bilan ham mashhur. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berish tashabbusni ilgari surdi. Buni andijonliklar xursandchilik bilan qo‘llab-quvvatladi.

Bobur Mirzo temuriylar tamaddunining munosib davomchisi, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot homiysi bo‘lgan buyuk shaxsdir. U betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan millatimiz, xalqimizni butun dunyoga tarannum etgan. Uning sharafiga alohida shahar bunyod etilsa arziydi. Bu Bobur Mirzoning dilida qolgan armonlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yana bir tarixiy voqea bo‘lib qolishi taʼkidlandi.

Shaharda ixtisoslashgan bog‘cha va maktab, universitet, muzey, kutubxona va IT-parkdan iborat yirik taʼlim klasteri barpo etiladi. Oliygoh tarkibida eng yuqori talablarga javob beradigan sport majmuasi ham quriladi.
Bobur shahri milliy qadriyatlarimizni mujassam etadigan maʼnaviy maskanga, yoshlar uchun ilhom va ibrat, parvoz maydoniga, yurtimizning yana bir turizm va madaniyat markaziga, zamonaviy texnologiyalar qo‘llangan “aqlli shahar”ga aylantiriladi.

Bu shahar, xuddi buyuk shoir va mutafakkir Navoiy nomi qo‘yilgan azim shahar kabi, shonli tariximiz va kelajagimiz o‘rtasida maʼnaviy ko‘prik bo‘ladi, yangi tariximizdan munosib o‘rin oladi. Hududdagi bog‘ning eng baland nuqtasida Zahiriddin Muhammad Boburning yangi, muhtasham haykali o‘rnatiladi.

Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun dastur qabul qilinib, 250 million dollar yo‘naltiriladi.
“Barchamiz bilamizki, Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoning qayerida, qaysi o‘lkada bo‘lmasin, bir umr vatan sog‘inchi bilan yashagan. Bugun buyuk ajdodimizning armonlari ushaldi, ul zot o‘z yurtiga ruhan qaytib keldi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz. Mana shunday ulug‘, tarixiy kun barchamizga muborak bo‘lsin”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari 15-aprel – Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillarini ham samimiy tabrikladi.
Izoh (0)