Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda prokuratura, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektor ishidan ozod qilinadi.

21-aprelda imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati yangi tartib asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlari sektorlar faoliyati bo‘yicha yuklatilgan vazifalardan ozod etiladi. Sektorlar ishiga bosh vazir o‘rinbosarlari va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari mas’ul etib belgilanadi.
Hujjatda belgilanishicha, Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda sektorlarning yangi tartib asosida faoliyat yuritishi bo‘yicha prezident qarori loyihasini kiritishi lozim.
Prokuratura, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektor ishidan ozod qilinishi haqida Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashishga doir yig‘ilishda maʼlum qilgandi.
“Prokuratura, ichki ishlar, soliq rahbarlari yaxshilab eshitib olsin: sektor ishidan ozod qilish bu — eski davrga qaytib, aholi va tadbirkorlarga har qadamda to‘siq, korrupsiyaga sharoit yaratish, degani emas”, degan edi prezident.
Hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati bundan sakkiz yil avval yo‘lga qo‘yilgandi. Yig‘ilishda bu tizim yillar davomida yig‘ilib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etib, vaziyatni o‘nglash uchun barcha kuchlarni safarbar etishga ko‘maklashgani, ammo keyingi paytda prokuror, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektorni bahona qilib, sohasidagi ishlarni susaytirib yuborgani qayd etib o‘tilgandi.
O‘zbekistondagi “4 ta sektor” tizimi haqida
2017-yildan boshlab hududlarni kompleks rivojlantirish va ijtimoiy muammolarni hal etish maqsadida “4 ta sektor” tizimi joriy etilgan edi. Ushbu tizimda har bir tuman yoki shaharda quyidagi to‘rt nafar rahbar sektor rahbari sifatida faoliyat yuritgan:
- tuman yoki shahar hokimi — birinchi sektor rahbari sifatida.
- prokuror — ikkinchi sektor rahbari.
- ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i — uchinchi sektor rahbari.
- davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i — to‘rtinchi sektor rahbari.
Ushbu rahbarlar mahalliy darajada ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash, aholi bilan ishlash, jinoyatchilikni kamaytirish, bandlikni ta’minlash, soliq tushumlarini oshirish kabi masalalarda birgalikda harakat qilgan.
Izoh (0)