O‘zbekistonda qurol va uning o‘q-dorilarini topshirishning yangi tartibi belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Ro‘yxatga olinmagan o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarini, portlovchi materiallar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga o‘z ixtiyori bilan topshirish hamda o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarini topshirganlik uchun taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, jismoniy shaxs ichki ishlar organiga yoki profilaktika inspektoriga murojaat qiladi va qurolni va (yoki) uning o‘q-dorilarini topshiradi. Shu kunning o‘zida ichki ishlar organi qurolni (o‘q-dorilarni) qabul qilib oladi va qurol (o‘q-dorilar) hisobini yuritish uchun kvitansiya rasmiylashtiradi. Shundan so‘ng ichki ishlar organlarining mas’ul bo‘linmalari tomonidan tegishli tekshiruvlar (tergovga qadar tekshiruv, ballistik ekspertiza, bazalar bo‘yicha tekshiruv) o‘tkaziladi. Tegishli komissiya arizachini taqdirlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Qurol yoki o‘q-dorilarni ixtiyoriy topshirganlik uchun BHMning 5 foizidan 500 foizigacha (18 750 so‘mdan 1 mln 875 so‘mgacha) miqdorda mukofot ko‘zda tutilgan,
Xususan:
- soyli stvolli o‘qotar qurolning, kombinatsiyalangan (soyli stvolli va silliq stvolli) o‘qotar qurol uchun — BHMning 500 foizi;
- silliq stvolli o‘qotar qurol uchun — BHMning 400 foizi;
- stvolsiz o‘qotar qurol (patron gilzasi stvol sifatida foydalaniladigan qurol) uchun — BHMning 300 foizi;
- pnevmatik qurol uchun — BHMning 100 foizi;
- tig‘li sovuq qurol (rapiralar, shpagalar va qilichlar)ning, uloqtirish quroli (kamonlar, arbaletlar va nayzalar)uchun — BHMning 50 foizi;
- elektroshok qurilmalari, uchqun chiqargichlar va shikast yetkazuvchi ta’siri elektr energiyasidan foydalanishga asoslangan boshqa qurilmalari uchun — BHMning 30 foizi;
- signal beruvchi qurol uchun — BHMning 25 foizi;
- gazli qurol (ko‘zdan yosh oqizadigan yoki achishtiradigan moddalar bilan to‘ldirilgan gazli ballonchalar, mexanik purkagichlar, aerozolli qurilmalar va boshqa qurilmalar) uchun — BHMning 15 foizi;
- patron uchun — BHMning 5 foizi;
- stvol, zatvor, o‘qdon (baraban), ramka, stvol qutisi uchun — BHMning 75 foizi.
Agar qurol shikastlangan bo‘lsa, mukofot miqdori ikki baravar kamayadi.
Hujjat 25-martdan kuchga kirgan.
O‘zbekistonda o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarini, portlovchi modda va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlari ixtiyoriga topshirganlar javobgarlikdan ozod etiladi. 2024-yilning avgustida o‘qotar bo‘lmagan qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganlar ham javobgarlikdan ozod qilinishi belgilangan.
Izoh (0)