Isroil Turkiya tomonidan Suriya armiyasining tiklanishiga qarshi chiqmoqda. Shuningdek Suriya hududida strategik qurol-yarog‘, jumladan raketalar va HHM tizimlari joylashtirilishini cheklashni talab qilmoqda. Bu haqda Isroilning 12-kanali xabar bermoqda.

Manbalarga ko‘ra, bunday qadam, Tel-Avivning fikricha, harakat erkinligini va Isroil harbiy-havo kuchlarining mintaqadagi havo ustunligini saqlab qolish imkonini beradi.
Shuningdek, bitimga druz jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun Suvayda viloyatidagi Jabal ad-Druzga gumanitar yo‘lak yaratish, hamda Suriyaning Golan tepaliklarini qurolsizlantirish to‘g‘risidagi qoidalar kiritilgan. Bundan tashqari, hujjat vaziyatni barqarorlashtirish va Eron ta’sirini cheklash maqsadida AQSH va arab mamlakatlari ko‘magida Suriyani tiklashda xalqaro yordamni nazarda tutadi.
Suriya muvaqqat hukumati prezidenti Ahmad Ash-Sharaa kelishuv 1974-yilgi ajratish chizig‘iga asoslanishi kerakligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Isroil tomonidan 1967-yildayoq bosib olingan Golan tepaliklari keskinlikning asosiy nuqtasi bo‘lib qolmoqda.
“Isroil o‘z navbatida xavfsizligini ta’minlashga, jumladan, ham Eron va “Hizbulloh” koalitsiyasiga qarshi, ham o‘z chegarasida ISHID va “Musulmon birodarlar harakatlarini o‘z ichiga olgan yangi radikal sunniy blok shakllanishi ehtimolidan himoyalanishga intilmoqda”, deyiladi xabarda.
Iyul oyida Eron va Isroil o‘rtasidagi qurolli mojaroning tugashidan so‘ng, Tel-Aviv Suriya va Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni normallashtirishi mumkinligi xabar qilingandi.
Birlashgan Arab Amirliklari Isroil va Suriya o‘rtasidagi muzokaralar uchun maxfiy aloqa kanalini tashkil etgani xabar qilingandi.
Suriya va Isroil munosabatlari fevral oyi oxirida, Damashq yaqinidagi Jaramana aholi punktida o‘tish davri hukumati xavfsizlik xodimlari va o‘zini o‘zi mudofaa kuchlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lganida keskinlashdi. Isroil shu munosabat bilan Suriyaning yangi hukumati etnik-konfessional ozchiliklarga bosim o‘tkazayotganini ma’lum qildi va qurolli kuchlariga Suriyadagi druzlar jamoasini himoya qilishni ta’minlashni topshirdi.
30-aprel kuni Isroil armiyasi Suriyadagi ekstremistik guruh yacheykasiga zarba berdi. Isroil tomoni radikallar druz aholisiga hujum qilishni rejalashtirganini ta’kidladi.
Izoh (0)