Ukraina va Amerika Qo‘shma Shtatlari vakillari Rossiya tomoni bilan uchrashadi. Bu haqda Interfaks Ukraina nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Kit Kellogg bilan Rossiya bilan ehtimoliy uchrashuv masalasini muhokama qilish uchun ko‘rishadi.
Joriy yil 18-avgust kuni Donald Tramp Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvlardan so‘ng Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvga tayyorgarlik boshlanganini e’lon qildi.

Yevropa mamlakatlari esa Ukrainaga mustahkam xavfsizlik kafolatlarini berish masalasini muhokama qilishni boshladi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa Rossiyaning ishtirokisiz beriladigan kafolatni Moskva tan olmasligini bildirdi. Shundan so‘ng, G‘arb ommaviy axborot vositalari Putin Zelenskiy bilan uchrashish niyatida emasligini va uning asosiy maqsadi vaqtdan yutish ekanini yozdi.
Donald Trampning o‘zi ham tinchlik muzokaralarini prezidentlar darajasida o‘tkazish masalasi haqida 18-avgustdan beri aniq bayonot bergani yo‘q. Aksincha, u Ukrainaning hujum qilmasdan turib Rossiyani mag‘lub eta olmasligini ta’kidladi. Shuningdek, u ikki haftadan so‘ng tinchlik muzokaralarining sustlashuvida kim aybdorligiga qarab yangi choralarni ko‘rishini ma’lum qildi.
Izoh (0)