Shimoliy Koreyada ayollar avtomaktablarga qabul qilinmoqda. Kim Chen In hokimiyatga kelguniga qadar ularga faqat yo‘l harakatini tartibga solish ruxsat etilgan, mashina haydash esa taqiqlangandi. Bu haqda Daily NK xabar berdi.

Hozirda ayrim avtomaktablar Sotsialistik ayollar ittifoqi tavsiyasi asosida ayollarni o‘qitishni boshlagan. Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish uchun navbat 18 oygacha cho‘zilishi mumkin. Rasmiy bayonot berilmagan bo‘lsa-da, bu holat Kim Chen In davridagi ehtiyotkor ijtimoiy-siyosiy ochiqlik sifatida baholanmoqda.
Yo‘l harakati qoidalarining yumshatilishi haqida ilk ishoralar davlat matbuotida ham paydo bo‘lgan. Masalan, 2021-yilda KXDRning “Nodon sinmun” partiya gazetasida otasining izidan borib, yuk mashinasi haydovchisi bo‘lishni o‘rgangan yosh ayol haqida maqola e’lon qilingan.
2012-yilda hokimiyatga kelgan Kim Chen In allaqachon velosiped harakatini liberallashtirishni ma’qullagan edi. Uning otasi Kim Chen Ir 1996-yilda ayollarga velosiped minishni taqiqlagan, bunga amaldorning qiziga oid fojiali hodisa va “hilpiragan etaklar orqali e’tibor jalb qilinishi” xavotiri sabab bo‘lgan. O‘sha davrda ayollarga shim kiyishga ham ruxsat berilmagan.
Hozirgi kunda Pxenyanda ayollar velosipedda yurishi odatiy holga aylangan. Qishloqlarda esa u yagona transport vositasi sifatida xizmat qilmoqda. Shim kiyish taqiqi ham bekor qilingan, hatto Kim Chen Inning rafiqasi Li Sol Ju ham ba’zida shim kiygan holda jamoat oldida ko‘rinish beradi.
Izoh (0)