Mamlakatda “O‘zsanoatqurilishbank”, “Asakabank” va “Aloqabank” sotilishi bir necha bor kechiktirilgandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi eʼlon qilgan Fiskal strategiyada xususiylashtirish davri yana keyinga surilgani qayd etilgan.

Hukumat joriy yil yakunigacha to‘rtta yirik davlat bankini sotish jarayonini oxiriga yetkazmoqchi emas. Aslida mazkur banklar prezident qarorlari bilan 2025-yil yakunigacha xususiylashtirilishi kerakligi belgilangandi.
Strategiyada yozilishicha, “O‘zsanoatqurilishbank”ni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi 2025-2026-yillarda amalga oshiriladi. “Asakabank” sotuvi 2026-2027-yillarda, “Aloqabank” va “Turonbank” 2026-2027-yillarda yakunlanishi kutilmoqda.
“O‘zmilliybank”, “Agrobank”, “Mikrokreditbank”, “Xalq banki” hamda “Biznesni rivojlantirish banki”ning davlat ulushlari saqlab qolinadi.
Vazirlikka ko‘ra, yuqoridagi to‘rtta bank bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi. Birinchi bosqichda ularni institutsional o‘zgartirish (faoliyatini transformatsiya qilish), ikkinchi bosqichda davlat aksiyalari paketini sotish nazarda tutilgan.
Maʼlum qilinishicha, davlat ulushi mavjud banklar jamlangan holda hisoblanganda 2024-yilni 317,2 mlrd so‘mlik zarar bilan yakunlagan. Bunga asosiy sabab sifatida “Mikrokreditbank” (-1,7 trln so‘m) va “Biznesni rivojlantirish banki” (-2,2 trln so‘m) tomonidan katta miqdorda kreditlar bo‘yicha yo‘qotishlarga qarshi zaxiralar yaratilishi bo‘lgan.
Banklarni xususiylashtirish kechiktirilmoqda
Prezident qarori bilan O‘zbekistondagi ikkinchi yirik bank hisoblangan “O‘zsanoatqurilishbank”dagi barcha davlat ulushini 2022-yil yakuniga qadar savdoga chiqarish belgilangan. Keyinchalik bu muddat prezidentning yana bir qarori bilan 2023-yilga qoldirilgan. Shundan so‘ng davlat rahbarining uchinchi qarori bilan bankni xususiylashtirish davri 2024-yil oxirigacha qilib belgilangan. Ammo bu vazifa ham amalga oshirilmadi.
Hozirda bank O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (mamlakat suveren jamg‘armasi, bankdagi ulushi 82,19 foiz), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (13,48 foiz), “O‘ztransgaz” (1,21 foiz) va boshqa aksiyadorlar (2,26 foiz) tomonidan boshqariladi.
“Asakabank”ni xususiylashtirish muddati ham prezident qarori bilan 2023-yil oxiridan 2025-yil oxirigacha surilgan edi. Keyinroq 2024-yil 2-may kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan “Asakabank”ni xususiylashtirish bo‘yicha bitim imzolangani maʼlum qilingan.
Hozirda “Asakabank” aksiyalarining 71.09 foizi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli. Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bankning 28,17 foiz, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 0,59 foiz ulushiga egalik qiladi.
“Aloqabank”ni xususiytirish ham kechikishda davom etmoqda. Masalan, 2023-yil 1-iyulgacha bank aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO) belgilangandi. Keyin bu jarayon 2025-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatga surilgan.
“Aloqabank”da Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 53,80 foiz ulushi mavjud. Shu bilan birga, bankning 19,18 foiz ulushiga “O‘zbektelekom” , 5,49 foiziga Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi, 3,76 foiziga Iqtisodiyot va moliya vazirligi, 1,83 foiz qismiga “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK egalik qiladi.
Izoh (0)