Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida joylashgan dam olish maskanida cho‘milayotgan 23 yoshli yigit vafot etdi.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov buni tasdiqladi. Voqea 31-iyul kuni dam oluvchilarning ko‘z o‘ngida yuz bergan. 23 yoshli S.D. tanishi bilan hordiq chiqarish uchun kelgan. Soat 16:25 atrofida plyajda dam olayotganlardan biri uning suvda harakatsiz holatda, boshi suvga botgan holda turganini payqagan. Erkak uning oldiga suzib borib, qirg‘oqqa olib chiqqan.
Voqea joyiga dam olish maskanining shifokorlari chaqirilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, S.D. vafot etgan. Sud-tibbiyot ekspertining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhum o‘limiga nafas yo‘llarining suv bilan to‘silib qolishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, suv havzasi chuqurligi 1,7 metrni tashkil etadi. Hodisa joyi tezkor-tergov guruhi a’zolari va mutaxassislar tomonidan kriminalistika-texnika vositalari yordamida ko‘zdan kechirilib, suv havzasidan tekshirib ko‘rish uchun namunalar olingan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
23-iyul kuni Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanidagi Aqchako‘l suv havzasida bir oilaning 3 nafar a’zosi cho‘kib ketgandi. 36 yoshli ayol va uning 12 va 10 yoshdagi qizlari halok bo‘lgan. Shu kuni Namanganda ikki o‘smir kanalda cho‘kib ketdi.
Izoh (0)