Toshkent shahrining Mirobod tumanida 2 nafar shaxs tashkilot idorasidan ichida 560 ming AQSH dollari bo‘lgan seyfni o‘marib ketdi. Bu haqda poytaxt IIBning “Tezkor tasvir” axborot dasturida xabar qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 21-iyunidan 22-iyunga o‘tar kechasi, taxminan soat 02:20 da Toshkent shahrining Mirobod tumanida ikki nafar fuqaro tashkilot idorasiga kirib, u yerdan seyfni o‘g‘irlab ketgan.
-RAkyme4S.avif)
Talonchilar uni derazadan ko‘chaga uloqtirib, Gentra rusumli avtomobiliga ortishgan. Shundan so‘ng, seyf fuqarolardan birining xonadoniga olib kelinib, maxsus uskuna yordamida kesib ochilgan. Pullarni olgach, gumonlanuvchilar dalillarni yashirish maqsadida uni poytaxt hududidan oqib o‘tuvchi kanallardan biriga uloqtirib yuborgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, seyf ichida pullardan tashqari, 2 ta fleshka va turli hujjatlar bo‘lgan.
Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida o‘g‘rilikni sodir etganlarning shaxsiga aniqlik kiritildi. Fuqarolardan biri Qirg‘izistonga qochishga uringan, biroq Andijondagi mehmonxonada qo‘lga tushgan.
Gumonlanuvchilarda 440 ming AQSH dollari hamda seyfdan olingan pullarga xarid qilingan yangi Honda mototsikli borligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)