Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqand viloyat obodonlashtirish departamenti rahbari viloyat ekologiya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosariga daraxtlarni ko‘chirish topshirig‘ini berayotgani” to‘g‘risida videomurojaat tarqaldi. Bu holatga viloyat Ekologiya boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Samarqand viloyat hokimligining korxona va tashkilotlar hamda mutasaddi tashkilotlar vakillaridan tuzilgan ishchi guruhi tomonidan joylardagi ekologik holatlar o‘rganilishi jarayonida tadbirkorlik subyektlaridan biri tomonidan o‘rnatilgan kuzatuv kameralarida yozib olingan videotasvirlar tarmoqlarda tarqatib yuborilgan.

“Mazkur holat yuzasidan ayni paytda tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib borilayotganligini maʼlum qilamiz”, deyiladi boshqarma xabarida.
Taʼkidlash joiz, daraxtlarni ko‘chirish mavsumga bog‘liq bo‘lib, ayniqsa, kattalashib ulgurgan daraxtlarni boshqa joyga o‘tqazish alohida agrotexnik jarayon hisoblanadi.
Bunda eng qulay paytlar bahor faslida fevral oxiri, mart va aprel oylari bo‘lsa, kuzda oktyabr-dekabr oylari oralig‘ida daraxtlarni ko‘chirish ishlarini olib borish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ammo yoz oylari hamda vegetatsiya davrida bunday harakatlarni qilish tavsiya etilmaydi.
Avvalroq bunga misol bo‘la oladigan holat Buxoro viloyatida kuzatilgan edi. Unda “M.G” MCHJ mansabdor shaxslari “qulay” paytdan foydalanib, tibbiyot markazi hududida daraxtlar noqonuniy tarzda ko‘chirilgan.
Ushbu holatda jami 38 tup qimmatbaho daraxt ko‘chirib o‘tkazilgan bo‘lib, ularning 26 tupi nobud bo‘lganligi aniqlangandi.
Izoh (0)