Joriy yil yanvar-iyun oylarida respublikada kambag‘allik darajasi 2,1 foizga qisqarib, 1-iyul holatiga 6,8 foizni tashkil etdi. Bu haqda 25-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi aholi bandligiga oid taqdimotda maʼlum qilindi.
-qxDy_k-5.avif)
Taqdimotda davlat rahbariga O‘zbekistonda aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha bajarilayotgan ishlar haqida axborot berilgan.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muloqotda banklar mahallalarga bog‘lanib, aholi bandligini taʼminlashga hissa qo‘shayotgani taʼkidlangan. Xususan, 2025-yil yanvar-iyun oylarida 3 milliondan ziyod aholi daromadli mehnatga jalb qilingani qayd etilgan.
“Kambag‘allikni qisqartirish borasida yaratilgan tizim hamda sarflanayotgan mablag‘lar o‘z samarasini berib, joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 6,8 foizni tashkil qildi”, deyiladi manbada.
Taqdimotda kasbiy taʼlim mehnat bozori ehtiyojlariga mos emasligi sabab kadrlar tayyorlashda muammolar yuzaga kelayotgani aytilgan. Mehnat munosabatlaridagi ayrim meʼyorlar tadbirkorlik subyektlari, ayniqsa, kichik korxonalar uchun murakkablik tug‘dirayotgani ham taʼkidlangan. Ishga qabul qilishda axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani bildirilgan.

Qayd etilishicha, amaldagi talablar ish beruvchilarni haqiqiy vakansiyalarni ochiq eʼlon qilishga rag‘batlantirmaydi. Oqibatda bu maʼlumotlarni yashirishga olib kelib, mehnat bozorini to‘g‘ri tahlil qilish hamda kasbiy taʼlim yo‘nalishlarini aniqlash imkonini cheklamoqda.
“Taqdimotda mazkur muammolarni hal etishga qaratilgan yangi reja va tashabbuslar haqida maʼlumot berildi. Unga muvofiq, mehnat organlari ish beruvchilarga nisbatan jazo qo‘llovchi emas, balki hamkor sifatida faoliyat yurituvchi, ularga xizmat ko‘rsatuvchi tuzilmaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda. Xususan, ish beruvchilar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi majburiy maʼlumotlarni taqdim etmaslik va jo‘natilgan nomzodlarni ishga olmaslik uchun jazo choralarini bekor qilish taklif etilmoqda.
Bu orqali bandlik organlari ish beruvchilardan to‘g‘ri va haqqoniy maʼlumotlarni to‘plab, ularga ish izlayotgan fuqarolarni yo‘naltiradi. Ish beruvchi esa nomzodni qabul qilish yoki qilmaslikni o‘zi hal etadi. Ushbu tizimni joriy etish uchun maxsus elektron platforma yaratilib, dastlab Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshlanadi va keyinchalik butun mamlakat bo‘yicha tatbiq etiladi”, deb yozadi prezident matbuot xizmati.
Kasbiy taʼlim sifatini yanada oshirish maqsadida xususiy sektor vakillarini Kasbiy ko‘nikmalar markazlari faoliyatiga jalb etish, ayrim markazlarni esa aniq sohalar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan taʼlim maskanlariga aylantirish rejalashtirilgan.

“Mutasaddilarga kasbiy taʼlimni uch bosqichli tizimga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, internet orqali bepul videodarslarni joriy etish, ishlovchi fuqarolarga qayta tayyorgarlik yoki malaka oshirish uchun “kasb vaucheri” orqali imkoniyat yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi”, deya qayd etgan manba.
Davlat rahbari malakali kadrlar tayyorlash respublikada ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladigan eng muhim omillardan biri ekanini taʼkidlagan.
Maʼlumot uchun, avvalroq Bandlik vazirligi O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan 2023-yilda 11 foizga tushganini maʼlum qilgandi.
“2026-yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 7 foizga pasaytirish belgilab olindi”, deya xabar bergan vazirlik.
Keyin 2024-yil yakunida kambag‘allik darajasi 8,9 foizga pasaygani eʼlon qilingan. Bunda kambag‘allar soni 2023-yildan 2024-yilgacha 719 mingtaga kamaygan. Kambag‘allik darajasi eng yuqori pasayishlar Buxoro (11,8 foizdan 8,7 foizgacha), Samarqand (10,5 foizdan 7,5 foizgacha), Namangan (10,4 foizdan 7,6 foizgacha) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (13,6 foizdan 10,8 foizgacha) kuzatilgan.
Izoh (0)