“Milan” klubida yangi sardor tayinlandi. Endilikda jamoa sardorlik bog‘ichini 30 yoshli fransuz darvozaboni Mayk Menyan taqadi. Bu haqda klubning yangi bosh murabbiyi Massimiliano Allegri matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Italiya matbuoti xabariga ko‘ra, Menyan “Milan” tarixida so‘nggi 64 yil ichida sardor bo‘lgan ilk xorijlik futbolchiga aylandi. Bungacha bunday holat oxirgi marta 1949–1961-yillarda, shvetsiyalik Nils Lidholm sardorlik qilgan davrda kuzatilgan.
Avvalgi mavsumda Menyan jamoaning uchinchi sardori sifatida bir nechta o‘yinlarda jamoani maydonga boshlab chiqqan edi. Yangi mavsum oldidan klubning asosiy sardorlari — Davide Kalabriya va Teo Ernandes jamoani tark etgach, sardorlik bog‘ichi aynan Menyanga topshirildi.
Fransuz posboni bilan amaldagi shartnoma 2026-yil yozida yakuniga yetadi. Avvalroq Londonning “Chelsi” klubi Menyanga qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi, ammo transfer hozircha amalga oshgani yo‘q.
Izoh (0)