2025-yil I yarmida davlat byudjeti daromadlari 2024-yil mos davriga nisbatan 19,2 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlum qildi.

Joriy yil yanvar—iyun oylarida O‘zbekiston davlat byudjeti tushumlari 144,2 trln so‘mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2024-yil mos davrida bu raqam 121 trln so‘m bo‘lgan.
Vazirlik tahliliga ko‘ra, soliqlardan boshqa daromadlar tushumi o‘tgan yil I yarmidagidan 5,7 trln so‘mga ko‘payib, 29,3 trln so‘mga yetgan. Qolgan 121,3 trln so‘mlik tushumlar soliqlardan taʼminlangan. Xususan, byudjetga eng ko‘p soliq tushumi qo‘shilgan qiymat solig‘idan kelgan — 35,9 trln so‘m. Mazkur soliqdan daromadlar 2024-yil mos davridagidan 9,2 trln so‘mga ko‘paygan.
Keyingi yirik tushum foyda solig‘idan yig‘ilgan — 22,5 trln so‘m. Jismoniy shaxslardan olingan daromad solig‘i esa 19,9 trln so‘mga yetgan (2024-yil mos davrida 16,9 trln so‘m).
Shu bilan birga, yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliqdan 10,3 trln so‘m, aksiz solig‘idan 10 trln so‘m yig‘ilgan. Mamlakat aholisi yer solig‘iga 4,8 trln so‘m, mol-mulk solig‘iga 4,1 trln so‘m to‘lagan.
Bojxona boji tushumlari 5,4 trln so‘mga yetgan (2024-yil mos davrida 4,7 trln so‘m).
Avvalroq Soliq qo‘mitasi 2025-yil I yarmidagi soliq tushumlari miqdori bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblarini ochiqlagandi. Unga ko‘ra, olti oyda byudjetga 102,6 trln so‘m soliq yig‘ilgan. Mazkur ko‘rsatkich 2024-yil mos davriga (85,8 trln so‘m) nisbatan 20 foizga ortgani qayd etilgan.
Joriy yil I yarmida daromad solig‘i to‘lovchilar soni bir yil oldingidan 0,7 foizga (6 mln 23 mingtadan 5 mln 980 mingta qolgan) kamaygan. Shuningdek, aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar 2024-yil I yarmidagi 344,2 tadan joriy yil iyuligacha 332 mingta qolgan (pasayish 35 foiz).
Izoh (0)