Respublikada aholining jon boshiga real daromadlari miqdori yarim yilda 7,4 foizga o‘sdi. Bu bo‘yicha Statistika qo‘mitasi navbatdagi tahlilini eʼlon qildi.

2025-yil yanvar-iyun holatiga ko‘ra, aholi umumiy daromadlari 515,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bunda 2024-yil mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlari real o‘sish surʼati 9,5 foiz bo‘ldi. O‘tgan yili esa daromadlar 2023-yil I yarmidagidan 11,9 foiz ko‘proq o‘sgandi.
Manbaga ko‘ra, daromad o‘sishi valyuta kursi mo‘tadillashib, ayrim xizmatlar tushumlari qisqargani sabab sekinlashgan.
2025-yil I yarmida aholi jon boshiga umumiy daromadlar 13,7 mln so‘mdan to‘g‘ri kelgan. Bunda kishi boshiga umumiy daromadlar nominal o‘sishi 17,7 foiz, real o‘sish surʼati 7,4 foiz bo‘ldi.
Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlar eng yuqori hudud doimgidek Toshkent shahri (35 mln 79 ming so‘m) bo‘lib qolmoqda. Keyingi o‘rinlarda Navoiy (20 mln 48 ming so‘m), Buxoro (15 mln 883 ming so‘m) va Toshkent (13 mln 740 ming so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan.
Qoraqalpog‘iston (9 mln 198 ming so‘m) va Namanganda (9 mln 457 ming so‘m) eng past ko‘rsatkich kuzatilgan.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Farg‘ona viloyati (15,5 foiz) va Toshkent shahrida (12,8 foiz) kuzatildi.
Daromadlarning katta qismi yollanib ishlash va mustaqil band bo‘lishdan olinmoqda. Bu umumiy miqdorning 60,6 foiziga teng.
“Aholi umumiy daromadlarning 6,6 foizi shaxsiy isteʼmol uchun o‘zida ishlab chiqarilgan xizmatlardan, 3,4 foizi mol-mulkdan, 29,4 foizi transfertlardan olingan”, deya qayd etgan manba.
Yarim yil davomida aholi umumiy daromadlari tarkibida yollanma ishchilarning daromadlari 28,2 foizni tashkil qildi. Mazkur turdagi daromadlar o‘sish surʼati 21,7 foizga yetdi.
Olti oy davomida aholi umumiy tushumlar hajmida kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlar ulushi 57 foiz bo‘lgan.
Izoh (0)