Joriy yil 9-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston-Slovakiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashkil etgan tadbirda ikki davlat hukumat va kompaniyalari o‘rtasida bir necha sohaga oid shartnomalar imzolandi. Forumda qatnashgan sobiq moliya vaziri, ayni paytda “O‘zbekinvest” AJ direktori Rustam Azimov “Daryo”ga intervyu berdi. Quyida moliyachi fikrlarini taqdim etamiz.

“Portfelimiz 50 mlrd dollar”
Biznes forum doirasida Slovakiya Eksim banki bilan bitim imzoladik. Hujjatda ikki davlat o‘rtasidagi savdo va sarmoya operatsiyalarini kafolatlash ko‘zda tutilgan. Bitim asosida tekstil, energetika, mashinasozlik sohalari va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi ko‘rib chiqiladi.
Bugun “O‘zbekinvest” portfelida taxminan 50 milliard dollarlik loyihalar bor. Masalan, Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasining aksariyat loyihalarini biz sug‘urtalaymiz. Ular aytdiki, 2030-yilgacha O‘zbekistonning elektr toki ishlab chiqarishi tarkibida yashil energiya ulushi 40 foizgacha yetkaziladi. Hali bironta davlat, eng rivojlangan mamlakatlar ham bunday natijaga erisha olmagan. Bu masalada nafaqat O‘rta Osiyo yoki MDHda, balki dunyoda yetakchi davlatga aylanamiz.
Biz ko‘plab yirik kompaniyalar xavf-xatarlarini o‘z zimmamizga sug‘urta qilamiz. Misol uchun, korxona qandaydir avariya yuz berib talafot ko‘rsa, xodimlari muammolarga duch kelsa yoki O‘zbekistondagi sheriklari majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, ular ko‘rgan zararni mablag‘larimiz hisobidan qoplaymiz. Shuning uchun ular sug‘urta uchun yillik to‘lov qilib boradi.

“Sug‘urta mukofoti kam”
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sug‘urta sohasida 1,5 yildan beri regulyator funksiyasini o‘ziga olgan. Ular astoydil harakatga kirishgan. Ko‘p ijobiy qarorlar chiqdi. Albatta, komissiyalar juda past bo‘lgani uchun ko‘p sug‘urta kompaniyalari zarar bilan ishlagani bor gap. Bu muammo mavjud. Chunki avtosug‘urtada, majburiy sug‘urtada sug‘urta to‘lovlari hukumat tomonidan belgilangan. Misol uchun, biz o‘zimizga to‘rt ming dollardan 15 ming dollargacha javobgarlikni olamiz. Lekin sug‘urta mukofoti bor-yo‘g‘i to‘rt dollar. Xuddi shunaqa sug‘urta mukofoti Rossiyada 80 dollar. Yaʼni bizniki undan 20 barobar kam. Mana shuning evaziga, afsuski, ayrim kompaniyalar zararga uchrayapti va bu ularga muammolar tug‘dirmoqda. Sug‘urtani bo‘yniga olsa, zarar ko‘rmoqda, unday qilmasa, aholi sug‘urtasiz qolyapti. Bu majburiy sug‘urta.
Shuning uchun agentlik hozir bu masalani yaxshi tomonga o‘zgartirishga harakat qilyapti. O‘ylaymanki, six ham, kabob ham kuymaydigan darajada qaror qabul qilinadi. Yaʼni aholiga ham og‘ir botmaydigan darajada. Lekin sug‘urta kompaniyalari ham aksariyati xususiy. Davlat sug‘urta kompaniyalari ikkita qolgan. Ular ham zararga ishlamasligi kerak.
2024-yil boshidan tizimga sunʼiy intellektni joriy qildik. Bizda har bir sug‘urta polisi, ayniqsa aholiga oid qismida sunʼiy ong 440 ta parametr bo‘yicha o‘z xulosasini beradi. Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, sunʼiy intellekt bizga “bu odamga sug‘urta polisi qilsangiz, xavf juda baland, chunki to‘rt dollarlik polis sotib, ertaga to‘rt ming dollarlik zarar ko‘rasiz”, degan tavsiyalar beradi. Hozir aytishim mumkin, bizning umuman portfelimizni olganda taxminan 88 foiz sug‘urta polislari sunʼiy ong tahlili asosida berilyapti.

“Investitsion muhit yaxshi”
O‘ylaymanki, hozir O‘zbekistonda juda yaxshi investitsion muhit yaratilgan. Bugun ham muzokara o‘tayotganda shu savolni slovakiyalik sheriklarimiz berdi. Men aytdimki: “biz o‘tirgan joy besh yil oldin bo‘m-bo‘sh bo‘lgan. Mana hozir atrofga qarang. Butun O‘zbekiston ham xuddi shunaqa rivojlangan”.
Albatta, yuqorida so‘zga chiqqan notiqlar juda yaxshi ifodalab berdi. 2017-yilda jami xorijiy investitsiyalar miqdori to‘rt milliard bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda 26 milliardga yetgan. Ko‘ryapmizki, odamlar o‘z mablag‘larini O‘zbekiston iqtisodiyotiga tikishdan qo‘rqmayapti. Uylar, zavodlar, mehmonxonalar, katta-kichik korxonalar qurilyapti.
Misol uchun, Rossiyadan ko‘plab mehnat migrantlarimiz O‘zbekistonga qaytdi. Aksariyat ish topdi. Chunki ish o‘rinlari ko‘paydi. Bu nimadan dalolat beradi? Investitsiya loyihasi, investitsiya muhiti juda yaxshi va yangi ish joylari yaratilmoqda. Yangi korxonalar ochilyapti, zamonaviy sohalar rivojlanyapti.
Yaqinda Italiya, Ispaniya va Germaniyada bo‘ldik. U yerdagi investorlar O‘zbekistonga juda katta xayrixohlik bilan qarashyapti. Aytishyaptiki: “hozir jahon xaritasida dolzarb va o‘ziga jalb qiladigan davlatlar ko‘p emas. Zo‘r kelsa, 8-10 davlat bor. Shular ichida O‘zbekiston ham mavjud. Chunki O‘zbekistonga ishonch ham, qiziqish ham katta”.
“Korxonalar yopilishi nisbiy holat”
Bozor iqtisodiyoti shundan iboratki, yangi korxona ochiladi, qaysidir korxonalar yopiladi. Boisi hozir Sovet davri emas. Bu hech kimni qo‘rqitmasligi lozim. Chunki raqobat ketmoqda.
Mana ikkita korxona tashkil qilindi. Bittasining tannarxi past, ikkinchisiniki baland. Bozor uni narxini ko‘tarmayapti va mahsulotini sota olmayapti. Tabiiyki, u yopilishga majbur. Lekin bu fojia emas. Yopilgan taqdirda ham yo‘q bo‘lmaydi, o‘z xatolarini o‘rganib, bozorni chuqurroq bilib, hisob-kitoblarini yaxshiroq qiladi va boshqa biznes ochadi. Bitta kompaniyani yopgan taqdirda baribir harakatini tiklaydi, davom ettiradi — bu tabiiy hol. Shuning uchun har bitta raqam, bilib oling, bu nisbiy.
Agar bizda 70 ming kompaniya bo‘lsa, shundan 57 mingtasi yopilsa, albatta bu fojia. Lekin bizda 1,5 million kompaniya bor. Shuning uchun men o‘ylaymanki, bu tabiiy hol. Lekin beparvolikka berilishi kerak emas. Ularni yopilish sababi, muammolarini chuqur o‘rganish zarur. Hukumat siyosati ham shunga qarab, tuzatilib boriladi. Avvalo, kichik va o‘rta biznes o‘zini yaxshi sezmasa, iqtisodiyot o‘sishi murakkab kechadi. Lekin mana hozirgi 6,5 foizlik iqtisodiy o‘sish juda yaxshi raqam. Chunki global iqtisodiy o‘sish 3,5 foiz. Bu ham Osiyoning hisobiga. Agar rivojlangan davlatlarni oladigan bo‘lsak, ularda 1,5–2 foiz atrofida.
O‘ylaymanki, bizda iqtisodiyotni rivojlanishi uchun juda yaxshi muhit yaratilgan. Lekin ideal deb aytmayman. Ko‘p muammolar bor. Ularni ustida ishlash kerak.
Biznes muhit shunaqa narsaki, uni doimo takomillashtirmasangiz, yutqazasiz.
Ahamiyat bering, biznes muhiti bo‘yicha jahon reytingi bor. Hamma davlatlar o‘z biznes muhitini yaxshilashga harakat qiladi. Lekin ayrimlari yaxshilayapti-yu, pog‘onasi pastga tushib ketyapti. Nima uchun? Ular boshqa davlatlarga nisbatan sal sekinroq ishlayapti. Sal shoshilmasdan, ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda.
Hech qaysi davlat biznes muhitini ideal deb bo‘lmaydi. Masala shundan iboratki, uni doim tahlil va ijobiy tarafga korreksiya qilish kerak.
Byudjet taqchilligi va fiskal siyosat haqida
Bir tarafdan davlat byudjeti taqchilligi 5,5–6 foiz bo‘lishi baland hisoblanadi. Lekin defitsit nimaning hisobidan paydo bo‘ldi? Chunki bizda infratuzilma eskirgan. Yo‘llar, elektr toki va kommunal tarmoqlarni yangilamasa, iqtisodiyot rivojlanmaydi. Shuning uchun hukumat bu masalalarni yechishga xorijdan ko‘proq kreditlar jalb qilishga majbur. Agar mazkur masalalar yechilmasa, iqtisodiyotni jadal rivojlanishini taʼminlash juda qiyin bo‘ladi.
Fiskal siyosat haqida gapirganda aytish kerakki, bu yo‘nalishda juda katta ishlar qilingan. Misol uchun, aholi daromadlariga solinadigan soliq 24 foizdan 12 foizga, qo‘shimcha qiymat solig‘i 20 foizdan 12 foizga pasaytirilgan. Moliyachi sifatida aytishim mumkin, bunda byudjet uchun juda ko‘p yo‘qotishlar bo‘lgan. Lekin bu aholi va iqtisodiyot uchun juda katta dalda berdi. Byudjet daromadlari kamaymadi. Negaki bir qonun bor, agar siz soliq yukini pasaytirsangiz, soliq to‘lovchilar ko‘payadi. Ular qora zonadan oqiga o‘tadi. Soliq yuki ularga ortiqcha og‘ir botmaydi.
“Oltin narxi omad keltirdi”
Omadimiz shundan iboratki, xorijiy bozorlarda oltin va boshqa asosiy xomashyo mahsulotlarimiz narxlari baland. Lekin hozir shu vaziyatdan foydalanib, ishlab chiqarish sohalarini rivojlantirish muhim. Nega?
- Birinchidan, ish joylari yaratiladi.
- Ikkinchidan, eksport salohiyati oshadi.
- Uchinchidan, importga qaramligimiz pasayadi.
- To‘rtinchidan, byudjet qo‘shimcha daromadlar topadi.
Daromadlar o‘sishi hisobiga yuqorida aytilgan defitsit ham kamayadi. Fiskal siyosatiga kelganda, fikrimcha, kichik va o‘rta biznesga yanada ko‘proq imtiyozlar yaratishimiz kerak. Chunki bugun ham tadbirda notiqlar aytdiki, O‘zbekistonda yiliga bir million odam tug‘ilyapti. Bu har yili mehnat bozoriga kamida 650-750 ming odam chiqayotganini anglatadi. Bizda o‘ta yirik korxonalar yo‘q. Ular o‘z mehnat faoliyatini kichik va o‘rta biznesda amalga oshiradi. Shuning uchun hozirda ular yoshlar uchun ko‘p imkoniyatlar va ko‘mak beradigan qadamlar bosish dolzarb bo‘lib turibdi.
Islombek Umaraliyev tayyorladi
Izoh (0)