Joriy yil 1-avgustda mamlakatdagi korxona va tashkilotlar soni o‘tgan yil mos davridagidan 1 ming 112 taga ko‘paydi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi xabar berdi.

2025-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 462,2 mingta korxona va tashkilotlar faoliyat ko‘rsatyapti (2024-yil mos davrida 461,1 mingta). Shundan qariyb 392,4 mingtasi (84,9 foiz) kichik korxona va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hududlar bo‘yicha eng ko‘p faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar Toshkent shahrida — 104,2 mingta. Eng past ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida — 11 ming 853 ta.
Savdo tarmog‘ining jami korxonalar sonidagi ulushi eng yuqori bo‘lib, umumiy hisobda 32,6 foizni tashkil etgan. Ikkinchi o‘rinni sanoat (12,7 foiz), uchinchi o‘rinni qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi (7,4 foiz) band qilgan.
Mamlakatda faoliyat yuritayotgan 396,4 mingta tijorat tashkilotlaridan 306,2 mingtasi (77,3 foiz) masʼuliyati cheklangan jamiyatlar hisoblanadi.

Chet el investitsiyalari ishtirokida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 16 ming 609 ta (2024-yil mos davriga nisbatan 2 ming 343 taga oshgan). Shundan 4 ming 94 tasi qo‘shma, 12 ming 515 tasi xorijiy korxonalar.
O‘zbekistonda biznes yuritayotgan eng ko‘p xorij korxonalari Xitoyga (4 250 ta) qarashli.
Izoh (0)