Turkiyada turk sahnasining imperatori degan nomga sazovor bo‘lgan qo‘shiqchi bor. Arabeska janridagi qo‘shiqlarni ijro etuvchi 73 yoshli Ibrohim Tatlisas haqiqiy afsonaga aylangan: u ajoyib ovozga ega, atrofida mafiya bilan aloqasi borligi haqidagi mish-mishlar yuradi, shuningdek, qizi Dilan bilan munosabatlari ham murakkab. Aynan shu munosabatlar va qizining bebosh xatti-harakatlari turk ommaviy axborot vositalarida eng ko‘p muhokama qilinadi. Xo‘sh, turk sahnasi imperatorining qiziga nima bo‘lgan?
Ibrohim Tatlisasning hayoti ekranlashtirishga arziydi, u sir-sinoatlar va kutilmagan burilishlarga to‘la. Ibrohim Urfada juda kambag‘al arab-kurd oilasida tug‘ilgan, onasi uni dunyoga keltirayotganda otasi qamoqda bo‘lgan. Oilada 7 farzand bo‘lgani uchun Ibrohim oilasini boqish uchun erta yoshda ishlashga majbur bo‘lgan. U hech qachon maktabga bormagan — 20 yoshidagina boshlang‘ich maktabni sirtdan tugatgandan keyin o‘qish va yozishni o‘rgangan.
Keyinchalik mashhur musiqachi va aktyorga aylangan Ibrohimdan nega ta’lim olmaganini so‘rashganda, u kinoya bilan shunday javob bergan: “Bizning Urfada Oksford bor-ku, biz u yerga borishni istamagandik, xolos”.
Ibrohimning hech vaqosi bo‘lmasa-da, yaxshi ovozi, jozibasi va artistlik qobiliyati bor edi. U aynan shu boylikdan foydalanishga qaror qildi. Aytgancha, uning asl familiyasi Tatli bo‘lib, “shirin” degan ma’noni anglatadi. U shunchaki “ses” so‘zini qo‘shib qo‘ydi, bu “ovoz” degan ma’noni bildiradi. Shunday qilib, uning familiyasi Tatlisas, ya’ni “shirin ovozli” bo‘ldi.
Dastlab uning bir nechta qo‘shiqlari xitga aylandi, keyin esa unga shuhrat keltirgan bir qancha filmlarda rol ijro etdi.
Ibrohim topgan pullarini turli sohalarga sarfladi va asosiy daromadini restoranlar tarmog‘i hamda qurilish orqali qo‘lga kiritdi. Shuningdek, uning mafiya bilan aloqasi borligi, 2011-yilda unga suiqasd uyushtirilgani va bunga xavfli shaxslar o‘rtasidagi moliyaviy kelishmovchiliklar sabab bo‘lgani haqida mish-mishlar yurardi. O‘shanda Ibrohim boshidan jiddiy jarohat olgan bo‘lsa-da, tuzalib, sahnaga qaytishga muvaffaq bo‘ldi. Shunday tig‘iz ish jadvaliga qaramay, Ibrohimning ayollarga bo‘lgan qiziqishi hamon yuqori edi. U uch marta rasman uylangan va bir nechta nikohsiz munosabatlarga ega bo‘lgan. Ana shunday munosabatlarning biridan Dilan ismli qizaloq dunyoga kelgan.

Ibrohim uzoq vaqt davomida Dilan ismli qizi borligini jamoatchilik oldida tan olmadi. Qizi 24 yoshga to‘lganida ochiqchasiga Dilan ismli qizi borligini ma’lum qildi va shuncha yillar davomida farzandini tan olmagani uchun undan hamda onasidan kechirim so‘radi. Shuningdek, Dilan bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘ya olishlariga umid bildirdi. Keyinchalik u 7 farzandining barchasini, jumladan Dilanning ham ismini sanab o‘tdi va ularning hammasini sevishi hamda g‘amxo‘rlik qilishga tayyor ekanligi haqida yozdi.
Biroq endi Dilan Ibrohimni o‘z otasi sifatida tan olishni istamadi. U goh o‘zini Tatlisas deb atardi, goh bu familiyadan voz kechardi. Bir kuni u otasini zo‘ravonlikda aybladi va turk sahnasi imperatori haqida shunday gaplar aytishini bildirdiki, nihoyat hamma uning asl qiyofasini ko‘rar ekan va bu hech kimga yoqmasligi aniq edi.
Qiz ham otasiga o‘xshab qo‘shiqchi bo‘ldi va Ibrohim qizining shou-biznesda o‘z o‘rnini egallashiga ochiqdan-ochiq yordam berayotgani ko‘rinib turibdi. Uch yil oldin Dilan turmushga chiqqanida, Ibrohim unga to‘y sovg‘asi sifatida yarim million lira qiymatidagi oltin kamar hadya etdi. Bu o‘sha paytda juda katta pul hisoblanardi.
Bundan tashqari, Dilan janjalli vaziyatlarga tushib qolganda, darhol o‘zining Tatlisas ekanligini eslatadi. Aeroportda shun kabi ikkita shov-shuvli voqea yuz beradi. Birinchi marta undan samolyotda telefonda sekinroq gaplashishni so‘rashganida, qiz o‘sha odamga tashlanib, “Sen mening kimligimni bilasanmi? Otam Ibrohim Tatlisas!” deya baqiradi.
Ikkinchi marta u bort kuzatuvchisini mushukni qoidalarga xilof ravishda olib o‘tishga ruxsat bermagani uchun kaltaklagan. O‘shanda ham u mashhur va nufuzli otasi haqida baqirib gapirgan.
2024-yilda ham Istanbulda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining to‘xtash talabiga amal qilmadi, natijada unga qarshi quvish tashkil etildi. O‘shanda qiz politsiya talablarini tushunmaganini aytib, huquq-tartibot organlariga bo‘ysunmagani uchun jarima to‘lash bilan qutulib qoldi.
Yaqinda Bodrumda juda dahshatli voqea sodir bo‘ldi. Dilan yo‘l chizig‘idan tashqarida harakatlandi. Bu hudud favqulodda xizmatlar o‘tishi uchun bo‘sh qolishi kerak bo‘lsa-da, qiz tirbandlikni aylanib o‘tishga qaror qiladi. Ko‘p o‘tmay, yo‘l politsiyasi to‘xtashni talab qiladi, ammo qiz bu talabga e’tibor bermay, yo‘lida davom etadi. Hatto politsiyachini urib yuborishiga sal qoladi. Patrul xodimi havoga ikki marta o‘q uzganidan keyingina uni to‘xtatishadi.
Ammo u mashinadan tushishdan bosh tortadi. Shu paytda u jonli efirga chiqib, o‘zini faqat mashhur shaxs bo‘lgani va otasi taniqli Ibrahim Tatlisas ekanligi uchungina mashinadan tortib chiqarishga urinayotganlarini aytadi. Politsiyachilar baribir 35 yoshli qoidabuzar ayolni politsiya bo‘limiga, so‘ngra sud binosiga olib kelishadi.
Sud ish ko‘rib chiqilguncha Dilanga mamlakatni tark etishni taqiqlash to‘g‘risida qaror chiqardi.
Uning otasi avvalroq Dilan allaqachon voyaga yetgani va muammolarini o‘zi hal qila olishini aytgandi. Dilan o‘zining Tatlisas ekanligini tez-tez tilga olishiga qaraganda, otasi baribir qiziga bu muammolarni yechishda ko‘maklashayotganga o‘xshaydi.
Dilanning bunday xatti-harakatlarining sababini tushunishga harakat qilganlar ham bor. Bu erkalik yoki beqarorlik emas, balki bolalikdagi ruhiy jarohatlar bo‘lishi mumkin. Agar o‘z otang qariyb 25 yil davomida seni tan olishni xohlamasa va Dilan aytgan zo‘ravonliklar haqiqatan yuz bergan bo‘lsa, bunday muhitda normal inson bo‘lib ulg‘ayish juda mushkul.
Izoh (0)