Mazkur yulduzlar shon-shuhrat cho‘qqisida kinoni tark etib, millionlab muxlislarni hayratda qoldirdi. Ularni ketishga nima majbur qilgani, eng muhimi esa nima sababdan qaytishga qaror qilganlari haqida gaplashamiz.
Kemeron Dias
21 yoshida Kemeron Dias “Niqob” filmida Tina Karlayl rolini ijro etib, katta kino olamiga to‘satdan kirib keldi. Debyutdan to‘rt yil o‘tgach, Dias “Hamma Merini deb aqldan ozgan filmidagi ajoyib ijrosi uchun “Oltin globus” mukofotini qo‘lga kiritdi va faqat chiroyli tashqi ko‘rinishga ega emasligini isbotladi.
Uning filmografiyasida Martin Skorsezening “Nyu York to‘dalari” filmidagi yorqin dramatik roli va “Charli farishtalari” xiti ham bor. Albatta, “Shrek” multfilmida malika Fionaga ovoz berganini ham unutmaslik kerak.
2014-yilda u kinoni tark etishini e’lon qilib, jamoatchilikni hayratda qoldirdi. Doimo safarda yashash o‘rniga, u oilasiga e’tibor qaratishni afzal ko‘rdi. Har qachongidan ham ko‘proq bo‘sh vaqtga ega bo‘lgach, u salomatlik haqida kitoblar yozdi va organik sharob brendini yaratdi.
Muddatsiz ta’til kutilmaganda Jeymi Foksning qo‘ng‘irog‘i bilan to‘xtadi. U Diasni “Yana ishda” komediya janr filmiga taklif qildi. Unda iste’fodagi ikki josusning yana ishga qaytishi haqida hikoya qilinadi.
Rene Zellveger
Rene Zellvegerning karyerasidagi burilish 2001-yilda “Brijit Jons kundaligi” filmi ekranlarga chiqishi bilan yuz berdi. Bu film uning tashrif qog‘oziga aylandi. Kartina shuhrat qozondi, aktrisa esa ilk bor “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘ldi. 2002-yilda Zellveger “Chikago” musiqali filmida rol ijro etdi va yana mukofotga nomzodi qo‘yildi. Nihoyat, bir yil o‘tgach, u “Sovuq tog‘” dramasidagi ikkinchi darajali ayol roli uchun mukofotni qo‘lga kiritdi.
2010-yildan keyin Zellveger kutilmaganda olti yil davomida ekranlardan g‘oyib bo‘ldi. Keyinchalik suhbatda yulduz holdan toyganini aytdi. Ta’tilda u ko‘p sayohat qildi, musiqa bilan shug‘ullandi va hatto huquqshunoslikni o‘rgandi. 2016-yilda “Brijit Jons 3” filmi bilan hammasi yana o‘z iziga tushdi. Uch yil o‘tgach, u Judi Garlendning fojiali taqdiri haqidagi “Judi” filmidagi roli uchun ikkinchi “Oskar” va to‘rtinchi “Oltin globus” mukofotlari bilan taqdirlandi.
Bu yil Zellveger “Brijit Jons” franshizasining to‘rtinchi qismida uni mashhur qilgan rolni yana ijro etdi.
Meg Rayan
90-yillarning romantik komediya qirolichasi unvoni uchun Meg Rayan bilan bahslasha oladiganlar kamdan-kam topiladi. Uning Tom Xenks bilan suratga tushgan “Sizga xat” yoki “Sietldagi bedorlar” kabi asarlarini eslashning o‘zi kifoya — bu filmlar unga “Oltin globus” nominatsiyasini keltirgan. Undan oldinroq esa “Garri Salli bilan uchrashganda” filmidagi ajoyib roli uchun ham nomzod bo‘lgan edi.
Biroq 2000-yillarda uning karyerasi tusha boshladi. Aktrisa doim yangi narsalarni sinab ko‘rishni istardi, ammo tajribalar kutilgan natijani bermadi. “Ehtirosning qorong‘i tomoni” filimdagi roli uchun Rayan shu paytgacha butun karyerasi davomida duch kelmagan tanqidga uchradi. Ammo u faqat 2009-yilda tanaffus e’lon qildi. Matbuot buni muvaffaqiyatsiz plastik jarrohlik oqibatlari bilan bog‘ladi.
2013-yilda u Lisa Kudrouning “Veb terapiya” sitkomida epizodik rol ijro etdi. Ikki yildan so‘ng esa o‘zining rejissyorlik debyuti — “Itaka” dramasi bilan chiqdi. Film turli baholarga sazovor bo‘ldi va Rayan buni ijodiy charchash bilan izohlagan holda yana tanaffus oldi.
Yangi bosqich 2023-yilda uning ikkinchi rejissyorlik asari — “Keyin nima bo‘ladi” filmi chiqishi bilan boshlandi. Ushbu filmda u Devid Duxovni bilan hamkorlikda rol o‘ynadi va ko‘p yillik ayriliqdan so‘ng aeroportda tasodifan uchrashgan sobiq sevishganlarni ekranda gavdalantirdi.
Izoh (0)