Angliya Premyer Ligasida yozgi transfer oynasi yakunlanishiga bir haftadan ortiq vaqt qolgan bo‘lsa-da, xarajatlar bo‘yicha rekord yangilandi. Yaqinda “Lids Yunayted” Italiyaning “Milan” klubidan hujumchi Nuh Okaforni 18 million funt evaziga xarid qildi. Shuningdek, “Bornmut”ning “Bayer”dan Amin Adlini qo‘lga kiritishi ortidan APLning umumiy transfer xarajatlari 2023-yilning yozida qayd etilgan rekord — 2,36 milliard funt sterlingdan (3,7 milliard AQSH dollari) oshib ketgan.
Transfer oynasi yakuniga qadar yana bir nechta yirik shartnomalar imzolanishi kutilmoqda. Agar “Arsenal” “Kristal Pelas” yetakchisi Eberechi Ezeni sotib oladigan bo‘lsa, umumiy sarf-xarajatlar 3 milliard funtga (4,03 milliard dollar) yetishi mumkin.
Ushbu xarajatlar ichida eng katta mablag‘ni “Liverpul”, “Chelsi”, “Manchester Yunayted” va “Arsenal” amalga oshirgan bo‘lsa-da, o‘rtamiyona jamoalar ham o‘z shaxsiy rekordlarini yangilab oldi.
Misol uchun, “Liverpul” “Bayer” yarim himoyachisi Florian Virts uchun 116 million funt (156 million dollar) to‘lab, klub tarixidagi eng qimmat transferni amalga oshirdi. “Byornli” esa “Chelsi” yarim himoyachisi Lesli Ugochukvuni 25 million funt (33,5 million dollar) evaziga xarid qilib, shaxsiy rekordini yangiladi.
APLga qaytgan yana bir klub — “Sanderlend” “Strasburg”dan Habib Diarrani 26 million funt (34,9 million dollar) evaziga sotib oldi. Klub umumiy hisobda 142 million funtlik (190,5 million dollar) transferlarni amalga oshirdi. “Sanderlend” sakkiz yillik tanaffusdan so‘ng APLga qaytdi va Yevropadagi qolgan barcha ligalari klublari orasida eng ko‘p xarajat qilgan jamoaga aylandi (“Real” hamda “Atletiko” bundan mustasno).
“Nottingem Forest” esa yozda ikki marta shaxsiy rekordini yangilab, umumiy hisobda 150 million funt (201,3 million dollar) sarfladi. Klub “Bolonya”dan Dan Ndoi hamda “Ipsvich Taun”dan Omari Hatchinsonni o‘z safiga qo‘shib oldi.
Shu tariqa, APL klublarining joriy yozgi transferlardagi umumiy xarajatlari Italiya A seriyasi, Germaniya Bundesligasi, Fransiya Liga 1 va Ispaniya La Ligasining jami transfer xarajatlaridan ham yuqori bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, ikkinchi o‘rinda Italiya A Seriyasi bormoqda. Mamlakat klublari bu yozda 783 million funt (1,05 milliard dollar)lik transfer amalga oshirgan. Biroq ular o‘z xarajatlarini sotuvdan tushgan daromad evaziga deyarli qoplab olishga muvaffaq bo‘lgan.
Izoh (0)