Joriy yil aprel-iyun oylarida Boltiqbo‘yi davlatlaridan (Latviya, Litva, Estoniya) O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari o‘tgan yil mos davriga nisbatan 65,6 foizga o‘sdi. Bu haqda Markaziy bank maʼlumot berdi.

Hisobotga ko‘ra, 2025-yil II choragida mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga jami 4,8 milliard dollar miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan. Mazkur raqam o‘tgan yil mos davriga nisbatan 21,4 foizga o‘sgan.
“Joriy dinamikaning shakllanishi asosan mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi mamlakatlarda valyuta kurslarining nisbatan barqarorligi, ish haqining oshishi va iqtisodiy faollikning yuqori surʼatlari bilan bog‘liq”, deyiladi manbada.

O‘tgan chorakda turli mintaqalardan jo‘natilgan pul o‘tkazmalari o‘sish surʼatining sezilarli o‘zgarishi kuzatilgan. Xususan, Boltiq davlatlari, Yevropa va boshqa mintaqalardan o‘tkazmalar hajmi o‘sish surʼati qolgan mintaqalarga nisbatan yuqoriroq saqlanib qoldi.
“Bunda, ayniqsa Boltiq davlatlaridan pul o‘tkazmalarining sezilarli oshishi kuzatilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 65,6 foizga o‘sdi. Shuningdek, mazkur davrda AQSH, Rossiya va Yevropadan jo‘natilgan pul o‘tkazmalari o‘sishining pasayishi (mos ravishda 10,3, 23,7 va 26,9 foizgacha) kuzatilgan bo‘lsa, Osiyodan o‘tkazmalarning barqarorlashuvi saqlanib qoldi”, deya qayd etgan Markaziy bank.
Tashqi bozorda, xususan Rossiya, Yevropa va Boltiq davlatlarida kuzatilayotgan so‘nggi o‘zgarishlar hamda mehnat muhojirlariga bo‘lgan talabning o‘sishi pul o‘tkazmalaridagi joriy dinamikaning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Manba tahlilida yozilishicha, mazkur tendensiya mehnat muhojirlari oqimi yo‘nalishlari bosqichma-bosqich kengayayotganidan dalolat beradi.
Avvalroq 2025-yil I choragida chet eldan O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 8,2 milliard dollarni tashkil qilgandi. Mablag‘larning 78 foizi Rossiyadan (6,4 mlrd dollar) kelib tushgan. Qolgan qismi Qozog‘iston, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2025-yil iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 15 million 377 ming nafari (41 foiz) iqtisodiy faol hisoblanadi. Shundan 14 million 595 ming nafari (94,9 foizi) iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yurityapti.
Iyul oyida davlat korxona va tashkilotlarida 8 million 55 ming kishi (jami raqamdan 55,2 foizi) ishlashi qayd etilgan. Bu raqam 2024-yil iyuldagidan (6 million 768 ming kishi) 1 million 287 ming nafarga oshgan (19 foiz).
Xususiy sektorda ishlovchilar 4 million 760 ming (32,6 foiz) nafarni tashkil etib, o‘tgan yil mos davridagidan 750 ming kishiga kamaygan (13,6 foiz).
Joriy yil iyulda xorijda 1,9 million (12,2 foiz) nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilayotgani aniqlangan.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha 781 ming nafar ishga joylashishga muhtoj aholi mavjud (yil boshida 836,4 ming nafar edi).
Izoh (0)