Suriyaning amaldagi prezidenti Ahmad ash-Shara’a joriy yil sentyabr oyida AQSHning Nyu York shahrida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlashi kutilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ash-Shara’a 60 yildan buyon ilk bor BMT minbaridan chiqish qiladigan Suriya prezidenti bo‘lishi mumkin.

U ilgari xalqaro miqyosda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan “Al-Qoida” bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Biroq ash-Shara’a 2016-yilda ular bilan aloqasini butunlay uzgan.
Shu yilning may oyida AQSH prezidenti Donald Tramp arab davlatlariga safar uyushtirgan edi. O‘sha safar davomida Ahmad ash-Shara’a Saudiya Arabistonida Tramp bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tramp Suriya prezidentiga imkoniyat berilishini va mamlakatga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishga harakat qilishini ma’lum qildi. Bu esa bir vaqtlar qidiruvda bo‘lgan, hatto boshi uchun mukofot belgilangan shaxsning xalqaro miqyosda prezident sifatida qabul qilinishini osonlashtirdi.
Ma’lumot uchun, Ahmad ash-Shara’a 2024-yil 9-dekabr kuni Bashar Asad rejimini ag‘darib, hokimiyat tepasiga kelgan. Suriya xalqiga zulm va tazyiq o‘tkazishda ayblangan Asad esa Rossiyaga qochib ketgan.
Izoh (0)