Yaponiyadagi Nagoya universiteti va Italiya milliy astrofizika instituti fiziklari birinchi bor Yupiterning shakllanishi xondrullar - bugungi kunda meteoritlarda uchraydigan erigan moddadan iborat mayda sharlar hosil bo‘lishiga sabab bo‘lganini aniqladilar. Tadqiqot natijalari Scientific Reports jurnalida chop etilgan.

Xondrullar - bu diametri 0,1 dan 2 millimetrgacha bo‘lgan kichik dumaloq tomchilar bo‘lib, ular 4,5 milliard yildan ortiq vaqt oldin hosil bo‘lgan. Ular asteroidlar va kometalar ichida “qotib qolgan”, Yerga esa faqat meteoritlar tarkibida tushadi. Olimlar ularni o‘nlab yillar davomida o‘rganishlariga qaramay, ularning shakllanishining aniq mexanizmi sir bo‘lib qolayotgan edi.
“Planetezimallar bir-biri bilan ulkan tezliklarda to‘qnashganda, ularning jinslaridagi suv bir zumda bug‘ga aylanardi. Bug‘ xuddi kichik portlashdagidek kengayib, erigan tog‘ jinslarini mikroskopik tomchilarga parchalardi. Aynan shular bugungi kunda biz topayotgan xondrullarga aylandi”, deydi Nagoya universitetidan professor Siniti Sirono.
Gipotezani tekshirish uchun tadqiqotchilar Yupiterning o‘sishini modellashtirgan va uning tortishish kuchi suvga boy osmon jismlarining to‘qnashuvlarini qanday keltirib chiqarishini kuzatgan. Ma’lum bo‘ldiki, jarayon meteoritlarda kuzatiladigan xondrullar xususiyatlarini mukammal tarzda takrorlaydi. Bundan tashqari, natijalar shuni ko‘rsatadiki: ularning shakllanish cho‘qqisi Yupiter o‘zining ulkan o‘lchamlariga yetgan paytga - Quyosh tizimi paydo bo‘lgandan taxminan 1,8 million yilga to‘g‘ri kelgan.
“Xondrullarni sayyoralarning shakllanish bosqichlarini qayd etuvchi o‘ziga xos “vaqt belgilari” sifatida qarash mumkin. Topilgan xondrullar orasida yosh bo‘yicha katta xilma-xillik shuni ko‘rsatadiki: shunga o‘xshash jarayon nafaqat Yupiterning paydo bo‘lishida, balki boshqa gigant sayyoralarning, masalan Saturnning shakllanishida ham sodir bo‘lgan”, deydi tadqiqotchilar.
Olimlarning aytishicha, ularning ishi sayyoralarning paydo bo‘lishini aniqlashning yangi usulini beradi va Quyosh tizimi qanday rivojlanganini tushunishga yordam beradi. Ehtimol, xuddi shunday jarayonlar boshqa yulduzlar atrofida ham sodir bo‘ladi. Bu esa ekzosayyoraviy tizimlarning shakllanish tarixiga yo‘l ochadi.
Izoh (0)