Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan iqtisodiy faollik darajasini baholash va prognoz qilish uchun respublikada uy-joy va ipoteka bozoridagi faollik darajasi tahlil qilindi.
2024-yilning III choragidagi holat
Ushbu davrda O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi. Xususan, iyul-sentyabr oylarida ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar oldi-sotdisi uchun 41 861 ta shartnoma rasmiylashtirilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davridagiga nisbatan 3362 taga (7,4 foizga) kam.
Tahlillar tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari va aholi tasarrufidagi daromadlar uy-joy bozoriga taʼsir etuvchi muhim omillar ekanligini ko‘rsatdi.
2021-yilning yanvar oyidan 2024-yilning sentyabr oyigacha bo‘lgan davrda uy-joy oldi-sotdisi va aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi o‘rtasida (korrelyatsiya koeffitsiyenti = 0,81), shuningdek, uy-joy oldi-sotdisi va aholining tasarrufdagi daromadlari o‘rtasida (korrelyatsiya koeffitsiyenti = 0,48) sezilarli bog‘liqlik mavjudligi aniqlandi.
Ipoteka kreditlari hajmi
Markaziy banki maʼlumotlariga ko‘ra, 2024-yilning III choragida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 4,84 trln so‘mni tashkil etgan. Mazkur ko‘rsatkich 2023-yilning mos davridagiga nisbatan 7,3 foiz kam.
Tahlillarga ko‘ra, ajratilgan kreditlarning o‘sish surʼati so‘nggi 3 yildagi o‘rtacha darajada saqlanib qolsa, yil oxiriga qadar har oyda o‘rtacha 13–14 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomalari tuzilishini kutish mumkin.
Maʼlumot uchun: 2023-yilning IV-choragida har oyda o‘rtacha 12,9 mingta shartnoma imzolangan.
Avgust oyida eng yirik ko‘chmas mulk platformasi “Realting.uz” rahbari Andrey Sodiqov va Domio AH rahbari Shuhrat Hasanov O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozorining bugungi holati haqida ma’lumot bergan edi.
Sentyabr oyida esa O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida faollik biroz pasaygani aytilgandi.
Keyinroq Strategik islohotlar agentligi uysizlik muammosini bartaraf etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqqani haqida xabar bergandi.
Unda quyidagi takliflar tayyorlangan:
- “Uy-joy – ijtimoiy ko‘mak asosi” tamoyilini joriy etish;
- uylarni egalikka emas balki ijaraga berish bozorini rivojlantirish;
- ijtimoiy uylar faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida davlat-xususiy sherikchilik asosida yoki xususiy tadbirkorlarga mavjud uylarni berish, bunda, qayta qurish, ta’mirlash va uyni keyinchalik boshqarish majburiyatini yuklash hamda fuqarolarga uzoq muddatda ijaraga arzonlashtirilgan narxda taqdim etishni yo‘lga qo‘yish (har bir hududda reytingni ijobiy bo‘lgan 1 tadan developerga ijtimoiy uylarni qurish buyurtmasini berish);
- uylarga joylashtirishda talabgorning turar joyga muhtojlik darajasini baholash bo‘yicha aniq mezonlarni tasdiqlash, bunda fuqarolarni aniqlashda keys-menejment usulidan foydalanish;
- talabgorlarni uylarga joylashtirish tizimini takomillashtirish maqsadida fuqarolarni onlayn navbatga olish elektron platformasini joriy qilish.
Izoh (0)