Falastin rahbariyati Isroil hukumatining G‘azo sektori shimoliy qismida, go‘yoki falastinliklarga gumanitar yordam yetkazish va tarqatish uchun bufer zona yaratish bo‘yicha har qanday g‘oya va rejalarini qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.
Bu haqda Falastin milliy maʼmuriyati rasmiy vakili Nabil Abu Rudeyna bayonot berdi.
“Isroilning G‘azo shimolida va Jabaliya hududida bufer zona deb ataluvchi hudud yaratish rejalari falastinliklar tomonidan butunlay rad etiladi va qabul qilib bo‘lmaydigan holat sifatida baholanadi. Bu reja G‘azo sektori Falastin davlatining ajralmas qismi ekanligini tasdiqlovchi barcha xalqaro qonunlarni buzadi”, dedi Rudeyna.
Uning qo‘shimcha qilishicha, G‘azoning kelajagini belgilovchi har qanday rejalar yoki mintaqa aholisiga yordam taqsimoti faqat Falastin tomonidan va BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) yoki boshqa xalqaro gumanitar tashkilotlar orqali amalga oshirilishi mumkin.
WAFA agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, yahudiy davlati hozirda Falastin anklavining shimoliy qismida va Jabaliya qochqinlar lageri yaqinida bufer zona yaratish rejasini ishlab chiqmoqda, bu esa mintaqaga gumanitar yordamni bemalol yetkazish imkonini beradi. Yordamni yetkazib berish, Isroil tomoniga ko‘ra, chet eldan moliyalashtirilgan Amerika xavfsizlik kompaniyasi tomonidan amalga oshirilishi kerak.
Avvalroq G‘azoda 2023-yil oktyabr oyidan buyon 17 mingdan ortiq bola halok bo‘lgani xabar qilingandi.
Xabarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 211 nafari yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va 825 nafari 1 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Kamida 35 060 nafar voyaga yetmaganlar ota-onasidan biri yoki ikkalasidan ayrilgan, 3500 ga yaqini surunkali to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi hisobotida Isroil armiyasining hujumi G‘azo sektorining rivojlanishini deyarli 70 yil orqaga surgani ma’lum qilingan.
“G‘azo 70 yil oldingi, ya’ni 1955-yildagi rivojlanish darajasiga qaytdi. Hozirgi vaqtda iqtisodiyotni bo‘g‘ib qo‘yayotgan cheklovlar olib tashlanishi kerak”, dedi Taraqqiyot dasturining Falastin aholisiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Chitose Noguchi.
Ta’kidlanishicha, 2023-yil 7-oktyabrdan boshlab G‘azoda yaqin tarixdagi eng yirik gumanitar ofatlardan biri ro‘y bermoqda. Mavjud vaziyat misli ko‘rilmagan ko‘p qurbonlar, vayronagarchiliklar, oziq-ovqat xavfsizligi va ommaviy ko‘chishlarga olib keldi.
Izoh (0)