Grozniyda Ahmad Qodirov nomidagi maxsus politsiya polkining kazarma binolari dron hujumiga uchradi. Bu haqda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dron 00:55 da urib tushirilgan. To‘rt nafar qorovul yengil jarohat olgan, shaxsiy tarkib bu paytda himoyalangan binolarda bo‘lgan.
Havoda portlagan uchuvchisiz uchish apparati tom qismiga zarar yetkazdi va oynalarni sindirdi. Yerga tushgan parchalar kichik yong‘in chiqishiga sabab bo‘ldi, biroq u tezda o‘chirildi, dedi Qodirov.
Checheniston rahbari hujumda Ukrainani aybladi va frontda javob berish bilan tahdid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Chechenistondan 84 ming ko‘ngilli va jangchilaridan iborat zaxira birinchi buyruq bilan oldinga chiqishga tayyor.
Chechenistonga ilk dron hujumi
Ramzan Qodirov ilk bor 29-oktyabr kuni respublikadagi Rossiya maxsus kuchlari universiteti dron hujumiga uchraganini ma’lum qildi. O‘shanda universiteti hududidagi bo‘sh binoning tomi yonib ketgan. Qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q. Yong‘in esa o‘chirilgan.
Rossiya maxsus kuchlari universiteti jangovar zonalarga yuborish uchun harbiylarni ham tayyorlaydi. Ommaviy axborot vositalari uni Rossiyadagi eng yirik yollash markazlaridan biri sifatida tilga oladi.
Izoh (0)