Jeju Air aviakompaniyasining Muan xalqaro aeroportida yuzaga kelgan yo‘lovchi samolyoti halokatidan bir kun o‘tib, xuddi shu modeldagi samolyot shassi (ko‘tarilish va qo‘nish uchun zarur bo‘lgan tizim) bilan bog‘liq muammo tufayli ortga qaytdi.
30-dekabr kuni Jeju Air aviakompaniyasining 7C101 reysining ekipaji (Boeing B737-800 samolyoti), soat 06:37 da Kimpo aeroportidan parvoz qildi va parvoz davomida shassidagi nosozlikni aniqladi. Aviakompaniya darhol bortda bo‘lgan 161 yo‘lovchiga bu muammo haqida xabar berdi va samolyotni qaytarib, soat 07:25 da Kimpo aeroportiga xavfsiz qo‘ndirdi.
Jeju Air’ning boshqaruv departamenti rahbari Son Kyong Hunning so‘zlariga ko‘ra, soat 06:57 da parvozdan keyin shassida nosozlik haqida signal olinib, kapitan yerga qaytish uchun qaror qabul qilgan. Shassining tekshirilishi va normal holatga keltirilishi amalga oshirilgan bo‘lsa-da, kapitan xavfsizlikni ta’minlash maqsadida samolyotni qaytarishga qaror qilgan.
Keyinchalik 21 yo‘lovchi bu reysdan bosh tortdi. Jeju Air qolgan yo‘lovchilarni boshqa shunday modeldagi samolyotga o‘tkazdi va samolyot 08:30 da Chejuga qayta uchdi.
- Aynan shu modeldagi samolyot 29-dekabrda Muan aeroportida halokatga uchragan edi. Samolyotda bo‘lgan 2 kishidan boshqa barcha vafot etdi.
- 29-dekabrda shassi nosozligi sabab Kanadada ham samolyotning qo‘nish jarayonida muammo yuzaga kelgandi.
- Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasining (IATA) statistikalariga ko‘ra, 2005-yildan o‘tgan yilgacha bo‘lgan davrda samolyotning shassi nosozligi sababli yuzaga kelgan avariyalar 53% ni tashkil etgan.
- Hukumat buyrug‘i bilan, Koreyada barcha Boeing 737-800 samolyotlari maxsus tekshiruvdan o‘tkaziladi. Janubiy Koreyada jami 101 ta ushbu modeldagi samolyot mavjud bo‘lib, Jeju Air aviakompaniyasida eng ko‘p — 39 ta samolyot ishlatilmoqda. Shuningdek, T’way Air 27 ta, Jin Air 19 ta, Eastar Jet 10 ta, Air Incheon 10 ta va Korean Air 2 ta shu modeldagi samolyotdan foydalanadi.
Izoh (0)